Xitoy 1 iyundan boshlab yana beshta davlat fuqarolari uchun bir tomonlama vizasiz rejimni joriy qildi, deb xabar beradi The Paper yangiliklar portali.
Xususan, 2025 yil 1 iyundan 2026 yil 31 maygacha Braziliya, Argentina, Chili, Peru va Urugvayning oddiy fuqarolik pasporti egalari Xitoyga vizasiz kirishlari mumkin bo‘ladi.
Beshta davlat fuqarolari Xitoyga biznes, turizm, oilaviy, ayirboshlash va tranzit maqsadida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga vizasiz tashrif buyurishlari mumkin bo‘ladi.
Xitoy birinchi marta Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlari uchun vizasiz rejim joriy qilmoqda. Shu tariqa Xitoy bir tomonlama vizasiz rejim joriy qilgan davlatlar soni 43 taga yetdi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Nin 28 may kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi brifingda Saudiya Arabistoni, Ummon, Quvayt va Bahrayn fuqarolari uchun 2025 yil 9 iyundan 2026 yil 8 iyungacha 30 kunlik bir tomonlama vizasiz rejim joriy etilishini ma’lum qildi.