AQSh Migrasiya xizmati 28 may kuni mamlakat chegarasi va migrasiya siyosatiga oid muhim o‘zgarishlarni e’lon qildi. Yangi tartiblarga ko‘ra, Meksika orqali AQShga noqonuniy yo‘l bilan kirgan fuqarolar jinoiy javobgarlikka tortiladi va deportasiya qilinadi.
«Dunyo» AA xabariga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlar chegara nazoratini kuchaytirish va qonunsiz muhojirlikka chek qo‘yishni ko‘zlaydi. Shu munosabat bilan AQSh Qurolli Kuchlari Prezident Tramp buyrug‘i asosida Janubiy chegaradagi nazoratni ta’minlashga jalb etildi. Armiya yurisdiksiyasidagi maxsus hududlarda noqonuniy kirishga urinishlar to‘liq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Immigrasiya qonunlarini buzgan shaxslar jarimaga tortiladi, vizasidan mahrum etiladi yoki mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Ularga nisbatan AQShga qayta kirish taqiqlanadi. Bundan tashqari, muhojirlarga ko‘mak bergan shaxslarga nisbatan ham vizaviy cheklovlar va jinoiy ta’qiblar belgilangan.
Qonun buzgan muhojirlarga «CBP Home App» orqali o‘z xohishi bilan AQShni tark etish imkoni beriladi. Shu bilan birga, AQSh hukumati qonuniy yo‘l bilan kelgan muhojirlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi, ammo vizani buzish holatlari deportasiyaga olib keladi.
Migrasiya siyosatini kuchaytirish maqsadida muhojirlar kontrabandasi bilan shug‘ullangan guruhlar terroristik tashkilot sifatida tan olingan. Shuningdek, o‘z fuqarolarini qaytarib olishdan bosh tortgan davlatlar fuqarolariga AQShga kirishda cheklovlar joriy etiladi.
AQSh hukumati xorijiy davlatlarni o‘z fuqarolarini xabardor etishga chaqiradi. Bu orqali kelgusi huquqbuzarliklarning oldini olish maqsad qilingan.