Xitoy AQShni savdo kelishuvlarini buzganlikda aybladi va javob choralari bilan tahdid qildi. Bu haqida Bloomberg xabar qildi.
Pekin bu bayonotini yaqinda Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Trampning "Xitoy savdo kelishuvini buzgani" haqidagi ayblovlariga javoban e’lon qildi
Xitoyga ko‘ra, aynan AQSh tuzilgan savdo bitimi shartlarini buzgan. Xususan, XXR Savdo vazirligi Qo‘shma Shtatlar tomonidan kiritilgan yangi cheklovlarni, jumladan texnologiyalar eksportiga taqiq, xitoylik talabalar uchun vizaviy rejimni qat’iylashtirish hamda sun’iy intellekt uchun chiplar bo‘yicha cheklovlarni qoraladi. Pekinning fikricha, bu harakatlar erishilgan kelishuvlarni buzadi.
Bloomberg'ning yozishicha, ushbu kelishmovchilik fonida Osiyo bozorlaridagi kotirovkalar va AQSh fond indekslari bo‘yicha fyucherslar pasaygan.
Eslatib o‘tamiz, may oyida AQSh va Xitoy o‘zaro joriy qilingan boj stavkalarini kamaytirish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Ammo yaqinda Tramp Xitoyni bitimni buzganlikda ayblagandi.