Falastinning HAMAS harakati G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Isroil bilan bilvosita muzokaralarga qaytishga tayyorligini ma’lum qildi.
Tegishli bayonot XAMASning "Telegram"dagi kanalida e’lon qilingan.
"Biz bahsli masalalar bo‘yicha konsensusga erishish uchun G‘azo bo‘yicha bilvosita muzokaralarga zudlik bilan qaytishga tayyorligimizni tasdiqlaymiz”, — deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, XAMAS “anklavda doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va Isroil qo‘shinlarini u yerdan to‘liq olib chiqib ketishni” majburiy shart deb bilishini qo‘shimcha qildi.
Isroilning Ynet portali 29 may kuni AQSh prezidentining elchisi Stiven Uitkoff G‘azo bo‘yicha yangi taklifni ilgari surgani haqida xabar berdi: u anklavda 60 kunga zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni va birinchi haftada ikki bosqichda omon qolgan 10 nafar garovni ozod qilishni nazarda tutadi. Birinchi haftada Xamas garovga olingan 18 kishining jasadini ham Isroilga topshirishi kerak. Buning evaziga Isroil tomoni falastinlik mahbuslarni avval tasdiqlangan ro‘yxatlarga muvofiq ozod qiladi. Bundan tashqari, hujjatda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar orqali G‘azoga gumanitar yordam yetkazilishini tiklash haqida so‘z boradi. O‘sha kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolin Livitt brifingda Isroil Uitkoff rejasini Xamasga topshirishdan oldin ma’qullaganini aytdi.