Ukrainada 1-iyundan boshlab ichki ko‘chirilgan erkaklar — 25 yoshdan katta bo‘lgan fuqarolar — boshqa erkaklar kabi Qurolli Kuchlarga safarbar qilinadi.
Ukraina Oliy Radasi deputati Yelena Shulyakning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yil mart oyida mamlakatda rasmiy ravishda ro‘yxatga olingan ichki ko‘chirilgan shaxslar soni qariyb 5 million kishiga yetgan. Ular orasida harbiy xizmatga chaqiriladigan yoshdagi erkaklar soni esa ochiq manbalarda ko‘rsatilmagan.
Endilikda safarbarlik yoshidagi ichki ko‘chirilgan erkaklar vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan manzili bo‘yicha harbiy xizmatga chaqirish markazlariga (Tashkiliy-komplektlash markazi – TKM, sobiq harbiy komissariat) borib ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Hujjatlarini yo‘qotgan taqdirda ham bu majburiyat bekor qilinmaydi. Shuningdek, ular yashash manzili o‘zgarganini 10 kun ichida ma’lum qilishlari lozim. Agar fuqaro avvalgi yashash joyiga qaytishga qaror qilsa, bu haqda ketishdan kamida 3 kun oldin tegishli organlarga xabar berishi kerak.
2022-yil fevral oyidan buyon Ukrainada umumiy safarbarlik e’lon qilingan va bir necha bor uzaytirilgan. 2023-yil 18-maydan boshlab kuchga kirgan yangi qonun safarbarlikni yanada kuchaytiradi va imkon qadar ko‘proq fuqaroni armiyaga jalb etishga yo‘l ochadi. Hukumat harbiy xizmatga chaqiriladigan yoshdagi erkaklarning xizmatdan bo‘yin tovlashiga yo‘l qo‘ymaslik uchun keskin choralar ko‘rmoqda. Harbiy komissariat xodimlari muntazam reydlar o‘tkazib, kuch ishlatish orqali erkaklarni ushlab ketishmoqda, hatto sog‘lig‘i yaroqsiz bo‘lganlar ham armiyaga olinmoqda.
Shunga qaramay, so‘nggi vaqtlarda Ukraina Qurolli Kuchlarini yangi askarlar bilan ta’minlash sur’ati pasaygan. Kiyev rasmiylari esa armiyada shaxsiy tarkib yetishmovchiligi juda og‘ir holatga kelib qolganini tan olmoqda.