AQSh Xitoy bilan mojaroga intilmaydi, biroq Hind-Tinch okeani mintaqasida vaziyat keskinlashgudek bo‘lsa, "jang qilishga va g‘alaba qozonishga" tayyorligini bildirmoqda. Pentagon rahbari Pit Xegset Singapurdagi "Shangri-La muloqoti" xavfsizlik forumida shunday bayonot berdi.
"Biz kommunistik Xitoy bilan mojaroga kirishmoqchi emasmiz. Ammo o‘zimizni mintaqadan siqib chiqarishlariga, ittifoqchilarimiz va hamkorlarimizni bo‘ysundirishlariga hamda qo‘rqitishlariga yo‘l qo‘ymaymiz," - dedi Pit Xegset.
Pentagon rahbari XXRdan real xavf mavjudligini va bu davlat harbiy qudratini rejali ravishda oshirayotganini ta’kidladi. Xegsetning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning qo‘shni Tayvanni bosib olishga qiladigan har qanday urinishi "halokatli oqibatlarga" olib keladi va AQShni vaziyatni hal qilish uchun kuch ishlatishga majbur etadi.