AQSh prezidenti ma’muriyati Xitoy tomoni bilan davlat rahbarlari - Donald Tramp va Si Szinpin o‘rtasidagi telefon suhbatini uyushtirish masalasini muhokama qilayotgani haqida Oq uyning ikki yuqori martabali amaldori CNN telekanaliga ma’lum qildi.
Ularning ta’kidlashicha, Tramp ma’muriyati bu suhbatni savdo muzokaralarini qayta boshlash uchun zarur deb hisoblamoqda. Telekanal muxbirlariga aytilishicha, agar Pekin Jenevada imzolangan bitim doirasidagi majburiyatlarini bajarmasa ham, Tramp hozircha Xitoy tovarlariga 145 foizlik bojlarni qayta joriy etishni ko‘zda tutmayapti.
Shu bilan birga, iqtisodiy soha amaldorlari prezidentga AQShning "Xitoyga zarar yetkazishning boshqa vositalari va usullari" mavjudligini ma’lum qilishdi. CNN manbasining aytishicha, ko‘rib chiqilayotgan asosiy variantlardan biri Xitoy tovarlariga nisbatan eksport nazoratini kuchaytirish hisoblanadi.