Hayotda ish beruvchi va xodim o‘rtasida mehnat bilan bog‘liq nizolar uchrab turadi. Bunday pallada o‘zining qonuniy huquqi buzilgan deb hisoblagan fuqaro sudga da’vo tartibida murojaat qiladi.
Chunonchi, Konstitusiyamizning 42-moddasida har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Xuddi ana shu konstitusiyaviy qoidalar amaldagi mehnat qonunchiligida ham o‘z ifodasini topgan.
Shu o‘rinda fikrimizni hayotiy misollar asosida davom ettiradigan bo‘lsak, yaqinda fuqarolik ishlari bo‘yicha Xatirchi tumani sudining sayyor majlisida da’vogar S. Sattorovning javobgar — tumandagi 64-sonli umumta’lim maktabi direktoriga nisbatan dars soatlarini olib berish majburiyatini yuklatish haqidagi da’vo arizasi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan fuqarolik ishi ko‘rib chiqildi.
Aniqlanishicha, S. Sattorov ushbu maktabda o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritib kelgan va unga 2023-2024 o‘quv yillarida 14 soat dars ajratilgan. Ammo 2024 yilning avgust oyida maktab direktori Z. Turdiyeva tomonidan dars soatlari olib qo‘yilib, da’vogarga faqat ikki soat uy sinfi qoldirilgan.
Tabiiyki, da’vogar bundan norozi bo‘lib, tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limiga murojaat qilgan. Bo‘lim xodimlarining talabi bilan 10 soat dars o‘qituvchiga yana qaytarib olib berilgan. Ammo bu bilan maktab rahbarining dars soatlarini tortqilashi tugamagan. 2025 yil yanvar oyida Z. Turdiyeva yana S. Sattorovning 10 soat darsini boshqa o‘qituvchiga olib bergan. U yana 2 soat uyga ta’lim darslari bilan qolavergan.
O‘rni kelganda shuni qayd etish joizki, taraflar o‘rtasida mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuzilgan. Ya’ni unda maktab o‘qituvchiligi S. Sattorovning asosiy ishi hisoblanishi ko‘rsatilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, da’vogarning boshqa qo‘shimcha daromad manbai mavjud emas.
Sudda da’vogar o‘ziga nisbatan qismini g‘ayriqonuniy deb topishni so‘rayotgan maktab direktorining 2025 yil 22 yanvardagi o‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlarini taqsimlash to‘g‘risidagi buyrug‘iga asos bo‘lgan maktab pedagogik kengashining 2025 yil 6 yanvardagi yig‘ilish bayonini rasmiylashtirishda Xalq ta’limi vazirining 2016 yil 30 maydagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining pedagogik kengashi to‘g‘risida”gi namunaviy Nizom talablari jiddiy tarzda buzilganligi ma’lum bo‘ldi.
Chunki ushbu yig‘ilish bayoni tegishli tartibda raqamlanmagan, u ip o‘tkazib tikilmagan hamda xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish tuman bo‘limi mas’ul xodimi tomonidan imzolanib, muhrlanmagan.
Vaholanki, yuqorida qayd etilgan Nizomning 23-bandida mazkur namunaviy Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘lishi ko‘rsatilgan.
Da’vogar S. Sattorov masalasiga qaytadigan bo‘lsak, u maktabda rus tili fanidan 12 soat dars soatiga ega bo‘lgan. Ish beruvchi Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 30 iyunda 3271-son bilan davlat ro‘yxatiga olingan “Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikasiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom hamda 2016 yil 9 iyunda 2799-son bilan davlat ro‘yxatiga olingan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining pedagogik kengashi to‘g‘risida”gi namunaviy Nizom talablarini buzgan holda, hech bir asossiz uning dars soatlarini qisqartirgan.
Bunday holatda maktab direktori Z. Turdiyevaning 2025 yil 22 yanvardagi 13-5-77-DUM/2025-sonli buyrug‘ini qonuniy deb bo‘lmaydi.
Shu sababli, sud mazkur buyruqning S. Sattorovga tegishli qismini g‘ayriqonuniy deb topdi. S. Sattorovdan asossiz olib qo‘yilgan 10 soat darsni da’vogarga qaytarib berish majburiyatini maktab direktori Z. Turdiyeva zimmasiga yuklatish haqida hal qiluv qarori qabul qildi.
Guvohi bo‘lganingizdek, dars soatlarini to‘g‘ri taqsimlash borasidagi bahsli masala sudda o‘zining qonuniy yechimini topdi. Bu mamlakatimizda ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi mehnat munosabatlarida Konstitusiya va mehnat qonunchiligi talablari doimo ustuvor ahamiyat kasb etishining amaliy isbotidir.