Malaka test sinovlarida 5 ming 95 nafar pedagog 86 va undan yuqori natija qayd etdi.
Bu haqda AOKAda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yilgi attestasiya sinovlari mamlakatimiz miqyosida bir xil vaqtda — 15 aprel kuni boshlandi hamda 14 mayga qadar davom etdi. 15-16 may kunlari umumta’lim tashkilotlariga pedagog kasbiga birinchi marta ishga qabul qilingan stajyor-o‘qituvchilar ishtirokida kasbiy sertifikatlash sinovlari tashkil etildi.
Qayd etilishicha, amaliyotga joriy etilgan yangi tizim asosida malaka toifasini olish sinovlari ikki bosqichda o‘tkazildi. Birinchi bosqichda mutaxassislik fanidan pedagoglarning bilimi, ya’ni bilish, qo‘llash, mulohaza qilish ko‘nikmalari va ikkinchi bosqichda nomzodlarning pedagogik mahoratlari baholandi. Sinov materiallari soha mutaxassislari, olimlar va amaliyotchi pedagoglar ishtirokida xalqaro testologiya me’yorlari asosida ishlab chiqildi.
Belgilangan mezonlar asosida 46 ta fandan uchta — o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida 30 mingga yaqin nazorat sinov materiallari tayyorlandi. Test sinovlari mamlakatimizdagi 13 ta ta’lim ob’ektlarida belgilangan grafik asosida o‘tkazildi. Jamoat xavfsizligi va tartibini saqlash uchun Milliy gvardiya va Ichki ishlar xodimlari jalb etildi.
Malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun 190 ming nafarga yaqin pedagog onlayn ariza topshirgan bo‘lib, ularning 177 ming 640 nafari yoki umumiy arizachilarning 95 foizi jarayonlarda qatnashdi. Attestasiya sinovlarida hech qanday ko‘ngilsiz hodisa kuzatilmadi. Tartib-qoidalarni buzgani sababli 75 nafar pedagog sinovlardan chetlashtirildi hamda bu haqda o‘rnatilgan tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirildi.
Attestasiya sinovlarining ikkala bosqichida ham qatnashib 86 va undan yuqori ball olgan oliy yoki birinchi toifaga ega bo‘lgan (yoki saqlagan) pedagoglarning bazaviy tarif stavkalariga qo‘shimcha 70 foiz ustama belgilanadi.