AQSh rahbari Donald Tramp hamon Grenlandiyani Qo‘shma Shtatlar tarkibiga qo‘shish g‘oyasiga sodiq ekanini bildirmoqda. Bu haqda Oq uy rasmiy vakili Kerolin Levitt dushanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Amerika rahbari bunga har qanday usul bilan erishishga tayyor.
"Biroq prezident hamon Grenlandiyaning Arktikadagi strategik ahamiyati haqidagi fikrda qat’iy turibdi, - dedi Levitt. - U mintaqada milliy xavfsizlik manfaatlarini ilgari surish uchun Grenlandiyani har qanday imkoniyat bilan qo‘lga kiritish g‘oyasiga sodiqligini saqlab qolmoqda."
AQSh prezidenti Donald Tramp lavozimga kirishidan oldin ham Vashingtonning Grenlandiyani o‘ziga qo‘shib olish istagini bir necha bor izhor etgan edi.