Qozog‘iston Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi (KDG MF RK) ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organlari bilan kelishilgan holda, “Tajen” nazorat-o‘tkazish punkti orqali jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar va og‘irligi 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk avtomobillari harakati vaqtincha to‘xtatildi, deb xabar bermoqda Kazinform agentligi.
Chegara punkti yopilishi 2025-yil 1-sentyabrgacha uzaytirildi.
— Bu qaror fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va nazorat-o‘tkazish punktida olib borilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlarini tezlashtirish maqsadida qabul qilindi. Hozirda ushbu hududda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda: metall konstruksiyalar o‘rnatilmoqda, muhandislik tarmoqlari yotqizilmoqda, binolar kapital ta’mirlanmoqda, — deyiladi Davlat daromadlari qo‘mitasi xabarida.
Bundan tashqari, may oyidan avgust oyigacha “QazAvtoJol” milliy kompaniyasi “Tajen” (Qozog‘iston) va “Daut Ata” (O‘zbekiston) punktlari orasidagi neytral hududda avtomobil yo‘lini quradi. O‘zbekiston tomoni ham xuddi shunday ishlarni amalga oshirishi rejalashtirilgan.
Qurilish ishlari davom etayotganligi sababli Qozog‘iston Respublikasi O‘zbekiston tomoniga ushbu cheklovni yana 4 oyga — 2025-yil 1-sentyabrgacha — uzaytirish taklifi bilan rasmiy murojaat qildi. O‘zbekiston ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
— Hurmatli fuqarolar! Safarlaringiz va yo‘nalishlaringizni rejalashtirishda ushbu ma’lumotni inobatga olishingizni so‘raymiz, — deyiladi rasmiy bayonotda.
“Tajen” (QR) — “Daut Ata” (O‘R) nazorat-o‘tkazish punktlari orqali yengil avtomobillar, avtobuslar va og‘irligi 3,5 tonnagacha bo‘lgan yuk avtomobillari harakati 2025-yil 1-fevraldan boshlab rekonstruksiya ishlari davomida vaqtincha to‘xtatilgan edi.