Qozog‘iston majburiy nikoh uchun jinoiy javobgarlikni joriy qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda Informbyuro parlamenti deputati Murat Abenovga tayanib.
Unga ko‘ra, tegishli band Jinoyat, Jinoyat-ijroiya va Jinoyat-prosessual kodekslarini optimallashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga kiritilgan.
Deputat avvalroq kelin o‘g‘irlash uchun javobgarlik masalasini ko‘targanini, biroq amaldagi qonunchilikka ko‘ra bunday holatlar ko‘pincha sudgacha yetib bormasligini esladi.
"Oxirgi uch yil ichida rasmiy idoralarga kelin o‘g‘irlash bo‘yicha 214 ta ariza berilgan, biroq ularning 10 tasi sudgacha yetib borgan. Qolganlarida esa dalil yo‘qligi sababli ish rad etilgan. Garchi qiz o‘g‘irlab ketilganini, mashinadan sakrab tushganini va unga nisbatan kuch qo‘llanganini isbotlagan bo‘lsa-da. Lekin ular hech narsa qila olmadilar”, dedi u.
Parlamentariyning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi allaqachon birinchi o‘qishda deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Hujjat keyingi hafta ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.