Parlamentdagi ko‘pchilik – “Taraqqiyot bloki”ni tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildilar. Biz mazkur blokning tuzilishiga e’tiroz bildirmagan holda uning ustuvor vazifalari, shuningdek hukumat dasturi va faoliyatining ayrim yo‘nalishlariga qo‘shila olmaymiz, deydi XDP bayonotida.
Xususan:
– iqtisodiyotda davlat ishtiroki, strategik ahamiyatga ega kompaniyalar ustidan davlat nazoratini saqlab qolishga e’tiborning kamligi, ularni xususiylashtirish qonun darajasida taqiqlanmaganligi;
– raqobatbardosh va bozor mexanizmlari orqali boshqariladigan pensiya tizimiga o‘tish zaruriyatining mavjudligi
– kommunal to‘lovlari (gaz, elektr va boshqalar) masalasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashning istiqbolga mo‘ljallangan aniq strategiyasi ishlab chiqilmaganligi;
– ulushdorlik asosida uy-joy qurish bo‘yicha fuqarolar ulushlarini himoya qilish va kafolatlash tizimining hanuzga qadar yaratilmaganligi;
– aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimi joriy etilmaganligi (ko‘p mablag‘ topgan, ko‘p to‘lashi lozim tamoyilini qo‘llash lozim), shu jumladan qimmatbaho mol-mulk uchun soliqning (hashamat solig‘i) joriy etilmaganligi;
– farmasevtika sohasida davlat nazorati sustligi, mahalliy va xorijiy dori vositalari uchun eng yuqori cheklangan narxlar belgilanmaganligi, shu jumladan dori vositalarining reklamasi taqiqlanmaganligi kabi bir qator masalalar partiyamiz elektorati manfaatlariga zid deb xisoblaymiz.