Donald Tramp ma’muriyati Qatar qirollik oilasidan uning prezidentlik muddati oxirigacha yangi "Air Force One" vazifasini bajaradigan Boeing 747-8 samolyotini qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Keyin bu samolyot Trampning prezidentlik kutubxonasi jamg‘armasiga topshiriladi, deb xabar qilmoqda ABC News manbalari.
Ushbu sovg‘a kelasi hafta Trampning Qatarga tashrifi paytida e’lon qilinishi kutilmoqda - bu uning ikkinchi muddatdagi ilk xorijiy safari bo‘ladi.
Hashamatli jihozlari tufayli "uchuvchi saroy" nomini olgan samolyotni Tramp fevral oyida Uest-Palm-Bichdagi aerodromda ko‘zdan kechirgan. Samolyotning narxi AQSh Harbiy-havo kuchlari prezident xavfsizligini ta’minlash uchun o‘rnatadigan harbiy uskunalar xarajatlarini hisobga olmaganda 400 million dollarga baholanmoqda.