Bugun 10 yanvar, 2025 yil, juma

КИР

Plastik mahsulotlar bilan shug‘ullanadiganlar o‘z chiqindilarini o‘zlari qayta ishlashi taklif qilinmoqda

Plastik mahsulotlar bilan shug‘ullanadiganlar o‘z chiqindilarini o‘zlari qayta ishlashi taklif qilinmoqda

2025 yil 1 noyabrgacha plastik mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar hamda import qiluvchilarga o‘zlari ishlab chiqargan va import qilgan mahsulotlardan hosil bo‘ladigan chiqindilarni utilizatsiya qilish majburiyatini yuklash bo‘yicha meyoriy hujjat loyihasini ishlab chiqish taklif etilmoqda. “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasida shu haqda ma’lum qilingan.

Amalga oshirish mexanizmi

Taklif etilayotgan yangi tizim 2026 yildan boshlab amaliyotga tatbiq etilishi mumkin. Bunda plastik mahsulot ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilar yoki qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalar tomonidan plastik chiqindilarni yig‘ib olish, saralash va qayta ishlash tashkil etiladi. Yirik savdo ob’ektlari, supermarket, gipermarket, bozorlarda plastik taralarni qabul qiluvchi (fandomatlar) uskunalar o‘rnatiladi.

Korxonalar va import qiluvchilar uchun bosqichma-bosqich ishlab chiqaruvchilarning kengaytirilgan majburiyatini yuklash tizimi amaliyotga tatbiq etiladi. Misol uchun, alkogolsiz ichimlik ishlab chiqaruvchi korxona plastik taralarini 2026 yildan — 50 foizga, 2027 yildan — 75 foizga va 2028 yildan 100 foizga utilizatsiya qilish majburiyatini oladi.

Xalqaro tajriba

BMT tomonidan 2022 yil 2 martda plastik bilan ifloslanishni qisqartirish, dengiz muhitini va ekotizimni muhofaza qilish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilingan. Rezolyutsiyaning asosiy tamoyillari etib plastikdan foydalanishni kamaytirish, “ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyilini joriy etish, qayta ishlatish va qayta ishlashni o‘z ichiga olgan aylanma iqtisodiyotga o‘tish belgilangan.

Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari hamda “Barqaror rivojlanishga ko‘maklashish” Markazi tadqiqotlari va takliflariga ko‘ra, plastik chiqindilarni boshqarishda ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilarga ishlab chiqaruvchilarning “kengaytirilgan majburiyati” tizimini qo‘llash tavsiya etilgan.

Evropa Ittifoqining “Chiqindilar to‘g‘risida” hamda “Qadoqlash va qadoqlash chiqindilari to‘g‘risida”gi direktivalariga muvofiq, Yevropa Ittifoqida mahsulotlarni yig‘ish, qayta ishlash va yakuniy utilizatsiya qilish majburiyatlarini mazkur mahsulotni ishlab chiqaruvchiga yuklovchi ishlab chiqaruvchining kengaytirilgan javobgarligi tamoyili joriy etilgan bo‘lib, shu yo‘sinda ishlab chiqaruvchi atrof-muhit uchun bezarar qadoqlash turlaridan foydalanishi rag‘batlantiriladi. Ushbu tizimning tatbiq etilishi tajribasini Yevropa Ittifoqining aksariyat mamlakatlarida, shu jumladan, MHDning Rossiya, Belarus va Qozog‘iston misolida kuzatish mumkin.

Kutilayotgan natija

Ushbu tizimning amaliyotga joriy etilishi yiliga 1,2 mln tonna plastik chiqindilarni qayta ishlash va takror foydalanishga jalb qilish yo‘li bilan ikkilamchi moddiy resurslarning to‘planishi va foydalanilishi darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Chiqindixona va poligonlarga joylashtiriladigan chiqindilar miqdorini qisqartirish hamda poligonlarning foydalanish muddatini uzaytirish ham bu jarayondagi muhim jihatlardan biridir.

Yana bir ahamiyatli tarafi shundaki, chiqindilarning hosil bo‘lishi, utilizatsiya qilinishi, qayta ishlanishining hajmi bo‘yicha aniq statistik ma’lumotlar shakllantiriladi. Plastik mahsulotlarni to‘liq qayta ishlashga jalb etish issiqxona gazlarini (SO(2) 75 foizgacha qisqartirishga imkon beradi.

Chiqindilarni qayta ishlovchi mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, chiqindilarini utilizatsiya qilish va qayta ishlash bo‘yicha yangi quvvatlarni rivojlantirish ham boradagi asosiy maqsad sanaladi.

Plastik chiqindilarning inson salomatligi va atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishga, jumladan, yuqori nafas yo‘llari, asab tizimi, yurak, qon-tomir va allergik kasalliklarning qisqartirilishiga erishiladi.

Kiritildi: Bugun 14:48. O'qildi: 295 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!