Maxsus lisenziyaga ega bo‘lmasdan Umra ziyorati tadbirlarini tashkil etgan va fuqarolardan mablag‘ undirgan shaxslar va firmalar tergov qilinmoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bu haqda ma’lumot berdi.
Jumladan, Umra ziyoratini amalga oshirib, ortga qayta olmagan 93 nafar O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari murojaatlar kelib tushgan.
O‘rganishlar natijasida ular Yusro Travel, Muslim Travel, Meta Travel, Elchi Travel kabi firmalardan yuborilgani aniqlandi. Ziyoratchilar firmalardan birining mehmonxonalardan jami 35 ming dollar qarz bo‘lgani sabab chiqarib yuborilgan.
Hamkor tashkilotlar bilan ziyoratchilarni ortga qaytarish masalasi ko‘rildi. Ichki ishlar organlari tomonidan mazkur ish yuzasidan tergov o‘tkazilganda, Farg‘ona viloyati, Uchko‘prik tumani yashovchi M.O. tomonidan noqonuniy tarzda turfirma faoliyatini yuritib kelgani aniqlandi. Ushbu shaxsga tegishli tartibda ish ochildi.
Shuningdek, Yasin Travel firmasi ham fuqarolarga Umra ziyoratini taklif etgan. Lekin ular 74 nafar yo‘lovchilarga taqdim etgan Jidda-Toshkent aviachiptasi noqonuniy bo‘lib chiqdi. Mazkur masala yuzasidan jinoiy ish ochilgan.
Namangan viloyatida tug‘ilgan fuqaro 30 nafar fuqaroni Umra ziyoratiga yuborishni aytib, ulardan 31 900 dollar olgan va ziyoratchilarni Toshkent-Jidda yo‘nalishida Saudiya Arabistoniga yuborgan. Lekin ularga qaytish biletini olib bermasdan pullarni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.
Shuningdek, Farg‘onada lisenziyasiz faoliyat yuritayotgan Mahdi Travel, Muhayyo 22-10, Parvoz Ekspress kabi firmalar aniqlandi.
Ularga JK 168-moddasi asosida ish ochilgan.