Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari 21 avgustga o‘tar kechasi amalga oshirgan keng ko‘lamli hujum vaqtida AQShga tegishli kompaniyani nishonga oldi.
«Mukachevoda rossiyaliklar Amerikaning elektrotexnika ishlab chiqaruvchi zavodini yo‘q qildi. Bu yerda faqat maishiy texnika – masalan, qahvaqaynatgichlar ishlab chiqarilardi. Hech qanday harbiy buyum yo‘q. Rossiyaliklar qayerga urayotganini yaxshi bilishgan va bu aniq AQSh investisiyalariga qaratilgan zarba», – dedi Zelenskiy.
Mukachevodagi Flex elektronika zavodiga berilgan zarba oqibatida kuchli yong‘in kelib chiqqan. Hujum natijasida 23 kishi jarohat oldi, ulardan 6 nafari shifoxonaga yotqizilgan. Hodisa ortidan taxminan 2500 kishi ishsiz qoldi.
Zakarpatskiy viloyati ma’muriyati zavodni strategik ahamiyatga ega ob’ekt deb atadi va uni boshqa hududga ko‘chirish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.
Ukraina hukumatining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bu hujumda jami 574 dron va 40 ta raketa qo‘llagan.