Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy fransuz hamkasbi Emmanuel Makron bilan muzokaralar chog‘ida frontdagi “qiyin vaziyat” va ayrim turdagi qurollarning “katta tanqisligi”ni tan oldi va Ukraina qish mavsumi oldidan qo‘llab-quvvatlashga muhtojligini aytdi.
Shuningdek, davlat rahbarlari birgalikda qurol ishlab chiqarish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. "Biz bunday hamkorlikni kengaytirishimiz kerak", dedi Zelenskiy.
Makron, o‘z navbatida, Kiyevga ko‘rsatilayotgan yordam majburiyatlarga muvofiq davom etayotganiga ishontirdi. OAVning yozishicha, Makron Ukraina Qurolli kuchlariga yangi qurol-yarog‘ partiyasi yetkazib berilishini e’lon qilmagan, faqat “uskunalar va o‘quv kurslari bo‘yicha doimiy majburiyat borligini” ta’kidlagan.
Muzokaralardan so‘ng Zelenskiy London va Parijga tashrifi chog‘ida ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini muhokama qilgani haqidagi ma’lumotlarni rad etdi. U G‘arb yordamini oshirish zarurligini ta’kidlab, o‘t ochishni to‘xtatish “bizning ittifoqchilarimiz bilan muzokaralar mavzusi emas”, deya qo‘shimcha qildi.
Bugun Vladimir Zelenskiy Berlinga kelishi kutilmoqda.