«U meni o‘zi bilan olib ketishni taklif qilyapti. Men unga chemodanmanmi, o‘zi? Meni samolyotga solib, olib ketmoqchimi? Moskvaga nima bor?» — dedi Zelenskiy Vengriya bosh vaziri Peter Madyar bilan Beregovo shahridagi uchrashuvdan so‘ng Lukashenko tashabbusiga munosabat bildirib.
Ukraina prezidenti Belarus rahbariga muqobil taklif ham bildirdi.
«Lukashenko Putinni olib, u bilan birga Kiyevga kelsin. Biz ularni xavfsiz qabul qilishni kafolatlaymiz. Marhamat, axir bu muzokaralar-ku», — dedi Zelenskiy.
Shu bilan birga, u bunday takliflarni jiddiy deb hisoblamasligini ta’kidladi. Uning fikricha, urush davom etayotgan sharoitda Moskvada ham, Kiyevda ham bunday uchrashuv o‘tkazilishi mumkin emas. Zelenskiy bunday tashabbuslar urushni yakunlashga yaqinlashtirmasligi, aksincha, axborot makonini ortiqcha xabarlar bilan to‘ldirishini qayd etdi.
Avvalroq Aleksandr Lukashenko Fransiyaning Le Point jurnaliga bergan intervyusida Zelenskiyni Putin bilan uchrashuv uchun Moskvaga shaxsan kuzatib borishga va Ukraina prezidenti xavfsizligining kafili bo‘lishga tayyorligini bildirgan edi.
Uning fikricha, Rossiya, Ukraina va Belarus ishtirokidagi uch tomonlama muzokaralar urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish jarayonini tezlashtirishi mumkin.
Lukashenko, shuningdek, Zelenskiy ushbu taklifni rad etgan taqdirda, Ukraina prezidentining o‘zi qurol bilan frontga borishi kerakligini aytgan.