Bugun 12 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Yusuf al-Utaybiy: «O‘zbekistonning sarmoya bo‘yicha birinchi hamkori bo‘lmoqchimiz»

Yusuf al-Utaybiy: «O‘zbekistonning sarmoya bo‘yicha birinchi hamkori bo‘lmoqchimiz»

Saudiya Arabistoni iqtisodiyot va sarmoya sohasida O‘zbekistonning muhim hamkorlaridan biri sanaladi. Ikki davlat o‘rtasida siyosatdan tortib madaniyatga qadar – turli sohalarda aloqalar mustahkamlanib bormoqda. Xabar.uz muxbiri Saudiya Arabistoni podshohligining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiyga bir necha savol bilan murojaat qildi.

– Elchi janoblari, xabaringiz bor, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 11 noyabr kuni Riyoz shahrida tashkil etilgan navbatdan tashqari arab-islom sammiti qatnashdi. Davlatimiz rahbari oliy darajadagi mashvarat doirasida Saudiya Arabistoni podshohligi valiahdi hamda bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan muzokara o‘tkazdi. Ushbu tashrif va muzokara yakunini qanday baholaysiz?

O‘zbekiston prezidentining Saudiya Arabistoniga har bir tashrifi o‘zaro aloqalarda yangi sahifa ochadi. Bir oy avval Riyozga amalga oshirilgan tashrif ham ana shunday muhim hodisalar sirasiga kiradi. Saudiya Arabistoni valiahdi, bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saud hazrati oliylari hamda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining uchrashuvi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qiladi. Muzokaralarda ikki davlat o‘rtasida ko‘p qirrali munosabatlarini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Yusuf al-Utaybiy: «O‘zbekistonning sarmoya bo‘yicha birinchi hamkori bo‘lmoqchimiz»

Prezident Shavkat Mirziyoyev va valiahd Muhammad bin Salmon Ol Saud. Riyoz, 2024 yil 11 noyabr. Foto: Prezident matbuot xizmati

E’tibor bersangiz, bu yil davlatlarimiz o‘rtasida tashrif va delegasiyalar almashuvi yanada faollashdi. Joriy yil aprel oyida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi doirasida O‘zbekistonga Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farxon Ol Saud tashrif buyurdi. Ushbu tashrif doirasida Diplomatik va maxsus pasport egalarini o‘zaro qisqa muddatli viza talablaridan ozod etish to‘g‘risida hukumatlararo bitim imzolandi.

May oyida tashkil etilgan uchinchi Toshkent xalqaro investisiya forumida Energetika vazirimiz shahzoda Abdulaziz bin Salmon Ol Saud qatnashdi.

Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi muntazam ravishda tashkil etilmoqda. Ayni paytda Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston hukumatlararo komissiyasining yettinchi yig‘ilishini o‘tkazishga hozirlik ko‘rmoqdamiz. Samarqandda 2025 yil boshida o‘tishi rejalashtirilgan yig‘ilishda bizning tomondan Investisiyalar vaziri Xolid al-Falih qatnashadi. Ta’kidlashni istardimki, O‘zbekiston bilan hukumatlararo komissiyamiz Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng faol va kuchlisi sanaladi.

Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston hamkorligi yuqori darajada ekani ikki davlat rahbariyatining robitalarni yanada rivojlantirish borasidagi siyosiy irodasining ifodasi sanaladi.

– O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov kuni kecha Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik barcha yo‘nalishlarda, ayniqsa, iqtisodiy sohada misli ko‘rilmagan ijobiy sur’atda o‘sayotganini qayd etdi. Saudiyaning mamlakatimizga sarmoya kiritish borasidagi rejalari bilan ham o‘rtoqlashsangiz.

– O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘zaro munosabatlarimizni rivojlantirishda jonbozlik ko‘rsatayotganini alohida qayd etishni istardim.

Yusuf al-Utaybiy: «O‘zbekistonning sarmoya bo‘yicha birinchi hamkori bo‘lmoqchimiz»

Vazir Baxtiyor Saidov va elchi Yusuf al-Utaybiy. Toshkent, 2024 yil 10 dekabr. Foto: TIV

Investisiyalar ko‘rsatkichiga kelsak, Saudiya Arabistoni O‘zbekistonga sarmoya kiritayotgan davlatlar ro‘yxatida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Hozirda sarmoya miqdori 20 milliard dollardan oshadi. Biz bu raqamni 30 milliard dollarga yetkazmoqchimiz. Ko‘plab sohalar, jumladan, «yashil» energetika, infratuzilma, sog‘liqni saqlash va farmasevtika sohalariga alohida e’tibor qaratiladi. Masalan, Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi, xususan, energetika sohasida yirik loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.

O‘zbekiston hukumati yaratayotgan qulay sharoit, maqbul investisiya muhiti bizni sarmoyani yanada ko‘paytirishga undamoqda. Niyatimiz sarmoya ko‘lamini oshirib, O‘zbekistonga sarmoya kiritayotgan davlatlar ro‘yxatida birinchi o‘ringa chiqishdir.

Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi esa O‘zbekistonda infratuzilma loyihalariga 370 mln dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirgan.

Insonparvarlik yordami yo‘nalishida ham hamkorlik davom etmoqda. Turli yo‘nalishlarda ko‘mak ko‘rsatib kelayotgan Podshoh Salmon nomidagi yordam va insonparvarlik ishlari markazi joriy yil oktyabr oyida Toshkentda xayriya loyihasiga homiylik qildi. Saudiyalik shifokorlar o‘zbekistonlik hamkasblari bilan birgalikda murakkab kardiojarrohlik amaliyotlarini o‘tkazdilar. Bir hafta mobaynida o‘tkazilgan amaliyotlarning barcha xarajatlari xayriya fondi tomonidan qoplandi. Bu kabi murakkab yurak operasiyalari kelgusida ham o‘tkaziladi.

– O‘zbekiston 2023 yil 1 yanvardan boshlab Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy qildi. Saudiya Arabistoni hukumati ham o‘zbekistonliklar uchun viza tartibini bekor qilishni rejalashtirmoqdami?

– Albatta, o‘zaro bordi-keldilarni ko‘paytirishda viza tartibini yengillashtirish muhim o‘rin tutadi. Saudiya Arabistoni O‘zbekiston fuqarolari uchun viza berishni yengillashtirdi. Ayni paytda O‘zbekiston fuqarolari aeroportda viza olishlari mumkin. Shuningdek, «Saudiyaga tashrif buyuring» (Visit Saudi) deb nomlangan elektron platforma orqali ham osongina viza olish imkoni yaratilgan.

Ikki davlat o‘rtasida aviaqatnovlar ko‘paydi. O‘zbekiston aviashirkatlaridan tashqari mamlakatimizning Flynas, Flyadeal kabi kompaniyalari o‘z reyslarini amalga oshirmoqda. Hozirda Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasidagi haftalik aviaqatnovlar 25 tani tashkil etmoqda.

Viza tartibi soddalashtirilishi va aviaqatnovlar ko‘paytirilishi sayyohlik oqimi oshishi, fuqarolarning bordi-keldilariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zbekistondan Umra ziyoratiga borayotganlar soni bir necha yuz ming kishini tashkil etmoqda. Hojilar soni ham oshib bormoqda.

O‘zbekiston so‘nggi besh yilda erishgan yutuqlari bilan faxrlansa arziydi. «O‘zbekiston–2030» taraqqiyot strategiyasi va Saudiya Arabistonining «Nigoh–2030» davlat dasturi o‘rtasida mushtarak jihatlar ko‘p. Ikki do‘st va hamkor davlat munosabatlari yanada taraqqiy etishiga ishonchim komil.

2025 yil Samarqandda «Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi» muloqotining ikkinchi sammiti bo‘lib o‘tadi. Ishonamanki, O‘zbekiston mezbonligida muvaffaqiyatli tarzda tashkil etiladigan ushbu tadbir Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan ilk sammitning mantiqiy davomi bo‘ladi va mintaqalarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Kiritildi: Bugun 15:53. O'qildi: 338 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!