Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Yunusoboddagi qotillik: “IIBB besoqolbozlarga qarshi reyd o‘tkazayotgani yo‘q. 25 yoshli Shokir X. o‘z qotili bilan internetda tanishgan”

Yunusoboddagi qotillik: “IIBB besoqolbozlarga qarshi reyd o‘tkazayotgani yo‘q. 25 yoshli Shokir X. o‘z qotili bilan internetda tanishgan”

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 12 sentyabr kuni 25 yoshli Shokir X.ning o‘ldirilishi yuzasidan internetda turli gap-so‘zlar tarqalgani munosabati bilan Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati bayonot berdi.

Internet tarmog‘ida 12 sentyabr kuni Yunusobod tumanida 25 yoshli Shokir X.ning o‘ldirilishiga jabrlanuvchini «mashhur klubdan olib chiqqan» 40 yoshlar chamasidagi ikki erkak aloqador ekani haqida axborot tarqatilmoqda. Muallifning ishora qilishicha, u ikki erkak ichki ishlar organlariga aloqador. Ushbu axborot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Shuni ma’lum qilamizki, 12 sentyabr kuni soat taxminan 11:00 da qo‘shni ayol samarqandlik 25 yoshli Shokir X. ijaraga olgan kvartira eshigi ostida qonga o‘xshash dog‘ni ko‘rgan. Ayol bu haqda kvartira egasiga telefon orqali xabar bergan, u esa kelib, o‘ziga tegishli kvartirada Shokir X.ning pichoq bilan jarohat yetkazilgan jasadini topgan va shundan so‘ng «102»ga qo‘ng‘iroq qilgan.

Ushbu holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Kvartirani ko‘zdan kechirish vaqtida yaqinda bo‘lgan intim munosabatlarning yaqqol dalillari topilgan.

Tezkor tergov tadibirlari davomida videokuzatuv kameralarining yozuvlari o‘rganilgan, ehtimoliy guvohlar so‘roq qilingan. Gumonlanuvchining shaxsi aniqlangan, u Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi, vaqtincha ishsiz 28 yoshli Odiljon YU. bo‘lib chiqqan.

Gumonlanuvchi o‘sha kuniyoq Toshkent shahar IIBB jinoyat qidiruv xodimlari tomonidan ushlangan. So‘roq vaqtida qo‘lga olingan shaxs shunday ko‘rsatma berdi: u Shokir X. bilan «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘ida tanishgan. 11 sentyabr kuni uchrashish haqida kelishgan. 21:30 da jabrlanuvchining kvartirasiga kelgan. Shu yerda ular o‘rtasida hozirda sabablari o‘rganilayotgan janjal kelib chiqqan, oqibatda Odiljon suvenir pichoq bilan Shokirning bo‘yni va qo‘liga bir necha bor zarba bergan.

Ushbu jinoyatni fosh etishda oddiy hushyor taksi haydovchisi katta yordam ko‘rsatdi, buning uchun Toshkent shahar IIBB unga minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, shuni ham ma’lum qilamizki, noan’anaviy jinsiy moyillikdagi shaxslar (besoqolbozlar)ga qarshi Toshkent shahar IIBB hech qanday maxsus «reydlar» o‘tkazmagan va o‘tkazayotgani yo‘q. Ayrim saytlar asoslanayotgan qandaydir anonim manbaning so‘zlarini esa ichki ishlar organlari xodimlarini obro‘sizlantiruvchi va chalg‘ituvchi yolg‘on uydirmalar, deb hisoblaymiz.

Hurmatli jurnalist va blogerlar, maqolalarni chop etishdan avval Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatidan aniqlik kiritib olishni iltimos qilib qolamiz.

Kiritildi: 06:55 15.09.2019. O'qildi: 5786 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!