2026 yil oxiriga qadar maktabga bormaydigan bolalar soni yana 6 millionga oshib, 278 millionga yetshi mumkin.
Bu haqda BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) tomonidan e’lon qilingan tadqiqotda qayd etilgan.
Tahlilga ko‘ra, asosiy sabab ta’lim sohasi uchun rasmiy rivojlanish yordamining 3,2 milliard dollarga qisqarishi bo‘lib, bu 2023 yilga nisbatan 24 foiz kamayishdir. Qisqarishning qariyb 80 foizi atigi uchta donor davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eng katta salbiy ta’sir G‘arbiy va Markaziy Afrikada kuzatilishi kutilmoqda — bu yerda 1,9 million bola ta’limsiz qolish xavfi ostida. Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada esa qo‘shimcha 1,4 million bola maktabdan qolishi mumkin.
“Ta’limdan kesilgan har bir dollar — bu shunchaki byudjet qarori emas, balki bolaning kelajagi ham yo‘qoladi”, — dedi YUNISEF ijrochi direktori Ketrin Rassel.
Boshlang‘ich ta’lim eng katta zarar ko‘rishi prognoz qilinmoqda: moliyalashtirishning uchdan bir qismga kamayishi bolalarning butun umri davomida 164 milliard dollarlik yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.
Kot-d’Ivuar va Mali kabi davlatlarda moliyalashtirishning qisqarishi o‘quvchilar sonining 4 foizga kamayishiga olib kelishi mumkin — bu mos ravishda 340 ming va 180 ming bolaga teng.
Bundan tashqari, Bangladeshdagi roxinja qochqin bolalari uchun ta’lim markazlari yopilishi xavfi bor. Bu esa 350 ming bolani ta’limsiz qoldirishi va ularni ekspluatasiya hamda odam savdosiga nisbatan himoyasiz qoldirishi mumkin.
YUNISEF xalqaro hamjamiyatni shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi: kam rivojlangan davlatlar uchun moliyalashtirish ulushini oshirish, gumanitar inqiroz sharoitida ta’lim dasturlarini himoya qilish va resurslarni asosiy hamda boshlang‘ich ta’limga yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi.