Bugun 21 sentyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan yangi choralar belgilanmoqda

Yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan yangi choralar belgilanmoqda

Yo‘l harakati qoidalarini yanada takomillashtirish, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Haydovchilar va piyodalarning yo‘l harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish, sohani raqamlashtirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi.

Natijada joriy yilning 6 oyi davomida yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foizga, o‘lim bilan bog‘liq hodisalar 1,1 foizga, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar 9,2 foizga kamaygan.

“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun bilan sohaga oid me’yorlar yanada takomillashmoqda. Jumladan, skuter, individual harakatlanish vositalari yordamida huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Mazkur qonunni yalpi majlisda muhokama qilish jarayonida Senat Raisi Tanzila Norboyeva yangidan-yangi transport vositalari, elektrosamokat, skuterlar ommalashayotgani, yoshlarimizning ularga ishtiyoqi balandligi, biroq, qanday harakatlanish vositasi bo‘lmasin, yo‘l harakatining qonun-qoidalariga amal qilinishi shartligini ta’kidladi. Afsuski, individual harakatlanish vositalari bilan bog‘liq qoidabuzarliklarning soni kam emas. Shu jihatdan qaraganda, kiritilayotgan normalar yo‘llarda inson hayotini, sog‘lig‘ini asrashga qaratilgan. Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ushbu normalarning ma’no-mohiyatini tushuntirish ishlariga jiddiy e’tibor qaratish kerak.

Yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan yangi choralar belgilanmoqda

Qayd etish joiz, Toshkent shahrida o‘tkazilgan reyd tadbirlarida individual harakatlanish vositalari boshqaruvchilari tomonidan 200 dan ortiq qoidabuzarlik aniqlangan.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17(1)-moddasi oltinchi qism bilan to‘ldirilib, unda foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar haqida o‘z vaqtida fuqaroni xabardor etish va chora ko‘rish bilan bog‘liq yangi norma kiritilmoqda. Bunda yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid ma’lumotlar 48 soat ichida yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga yuborilishi, aks holda haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 17(1)-moddasiga asosan tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari xizmatlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarganliklarini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, ma’muriy ish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 271-moddasi asosida tugatilishi belgilangan.

Qonun orqali amaliyotga kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, tez tibbiy yordam va yong‘in-qutqaruv bo‘linmalarining transport vositalari tomonidan kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganlikni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinmoqda.

Yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan yangi choralar belgilanmoqda

Qonun bilan yo‘l-patrul xizmati xodimlarining xizmatni o‘tash vaqtida yo‘l harakati qoidabuzarligini aniqlagan taqdirda qoidabuzarga joyning o‘zida jarima qo‘llashi mumkinligini nazarda tutuvchi vakolati bekor qilinmoqda.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalarida yuk avtomobillariga faqat chapga burilish yoki qayrilib olish uchun yo‘lning chetki chap qatorini egallashga ruxsat etilib, boshqa hollarda chap qatorda harakatlanish taqiqlangan. Ushbu qoidabuzarlik uchun amaldagi qonunchilikda jazo choralari belgilanmaganligi sababli aksariyat hollarda haydovchilar yo‘llarning chap qatorlarida bemalol harakatlanmoqda va bu holat tirbandliklarga va avariya holatlari sodir bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

2024 yil 7 oyida yuk avtotransport vositalari bilan bog‘liq 303 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Oqibatda 108 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 227 nafar fuqaro tan jarohati olgan.

Aynan shu jihatlarni e’tiborga olgan holda qonunda yuk avtomobillari yo‘lning chetki chap qatorida harakatlanganligi (ruxsat etilgan hollar bundan mustasno) uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun yo‘llarida harakat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Kiritildi: Bugun 01:55. O'qildi: 393 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!