Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

YPX xodimlariga rus tilini bilmasligi pand berdimi?

YPX xodimlariga rus tilini bilmasligi pand berdimi?

Kecha ijtimoiy tarmoqlarda (diqqat_telegram) YPX xodimlari va rusiyzabon fuqaroning o‘zaro suhbati (tortishuvi desak ko‘proq to‘g‘ri bo‘ladi) aks etgan video tarqaldi.Videoda YPX xodimlari rusiyzabon haydovchining qonuniy talablarini bajarmay, unga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lganligini ko‘rish mumkin.

Rus tilini bilmaslik ayb emas. Va chet (rus) tilini bilish-o‘rganish bu shaxsning mutlaq huquqi bo‘lib, biz bu masalani muhokama qilmoqchi emasmiz.

Biroq videodagi e’tiborimizni tortgan jihat YPX xodimlarining haydovchi bilan munosabati bo‘ldi. Keling, ushbu muloqotga huquqiy baho berib ko‘ramiz, deydi "human.uz".

YPX xodimi o‘zini tanishtirmadi va guvohnomasini ko‘rsatmadi
E’tibor bergan bo‘lsangiz, haydovchi bir necha bor YPX xodimiga o‘zini tanishtirishni va xizmat guvohnomasini ochiq holatda ko‘rsatishni talab qildi. Biroq uning bu talabi YPX xodimlari tomonidan bajarilmadi. Qonun bu masalada nima deydi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 01.12.2018 yildagi 975-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida” nizomning 14-bandiga ko‘ra, YPX xodimi yo‘l harakati qatnashchisini to‘xtatganidan keyin uning oldiga borish, o‘zini tanishtirish, lavozimi, unvoni, familiyasi haqida ma’lumot berish, uning talabiga ko‘ra ko‘krak nishon belgisini ma’lum qilish va xizmat guvohnomasini ochiq holda ko‘rsatishga majbur.

To‘xtatish sababini tushuntirmadi
Aynan ushbu nizomning aynan yuqorida aytib o‘tilgan bandida yo‘l harakati qatnashchilariga ularni to‘xtatish sababini, sodir etilgan huquqbuzarlik yuzasidan aniq, lo‘nda tushuntirish berish YPX xodimining majburiyatlaridan biri sifatida sanab o‘tilgan.

Dislokasiyani ko‘rsatmadi
Ushbu nizomning 18-bandiga ko‘ra haydovchi o‘zi to‘xtatilgan hududda YPX xodimi xizmat olib borishi mumkinligi haqidagi dislokasiya ko‘chirmasi bilan shu joyning o‘zida tanishish huquqiga ega. Demak videodan xulosa qilish mumkin-ki, YPX xodimlari tomonidan haydovchining huquqlari ta’minlanmadi.

Haydovchini “Sen”lash, unga qo‘pol muomala qilish mumkin emas
Bilasizmi, Yo‘l-patrul xizmati xodimining nizom bilan belgilangan majburiyatlari qatorida har qanday vaziyatda yo‘l harakati qatnashchilari bilan vazmin, xushmuomala, odobli va e’tiborli bo‘lish, ularga hurmat bilan hamda «Siz» deb murojaat qilish, yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlarda muomala madaniyati va qonuniylikka rioya qilish ham bor.

Xulosa
Nima ham der edik, taniqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir” degan chuqur ma’noli so‘zlari naqadar haqiqat ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik.

Tez kunlarda ushbu YPX xodimlarining “tarbiya”si nazoratga olingani va ular bu qilmishlari uchun munosib “qamchilangani” haqida xabarlarni eshitib qolsak ajab emas.

Xurshid Daliyev, jurnalist

Kiritildi: 07:45 11.07.2019. O'qildi: 3642 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!