Shvesiya parlamenti 15 iyun kuni yangi qonunni ma’qulladi. Unga ko‘ra, endilikda rasmiylar immigrantlarning yashash guvohnomasini ularning yomon xulq-atvori sababli bekor qilishi mumkin. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Yomon xulq-atvor toifasiga to‘lanmagan qarzlar, soliq to‘lamasdan ishlash (yashirin mehnat) yoki ekstremistik tashkilotlar bilan aloqadorlik kabilar kiradi. Yangi qonun hozir ko‘rib chiqilayotgan hujjatlarga ham, avvalroq berib bo‘lingan yashash guvohnomalariga ham tegishli bo‘ladi.
Ushbu chora mamlakatdagi o‘ng qanot hukumati va uni qo‘llab-quvvatlayotgan millatchi “Shvesiya demokratlari” partiyasining immigrasiya qoidalarini qat’iylashtirish siyosatining bir qismidir. Sentyabr oyida Shvesiyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi.
Muxolifat va inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari ushbu qonunni keskin tanqid qildi. Ularning fikricha, qonun asossizdir, chunki odamlar jinoyat deb hisoblanmagan harakatlari uchun ham jazolanishi mumkin.
“Yaxshi xulq-atvor to‘g‘risidagi qonun odamlarni mavhumlikda qoldiradi. Ular qaysi harakatlari yoki so‘zlari o‘zlariga qarshi ishlatilishini bilmaydi. Bu qonun huquq ustuvorligi va qonun oldida tenglik tamoyillariga ziyon yetkazadi”, deyiladi Stokgolmdagi Civil Rights Defenders tashkiloti bayonotida.
Amaldagi hukumat 2022 yilgi saylovlarda immigrasiyani kamaytirish va jinoyatchilikka qarshi kurashish va’dasi bilan g‘alaba qozongan edi. Hukumat vakillarining bildirishicha, tartibbuzar va jinoyatchi shaxslarga Shvesiyada joy yo‘q.
Qonunda aynan qaysi harakatlar nomaqbul deb hisoblanishi aniq ko‘rsatilmagan. Biroq hukumat qarzlar, soliqlardan qochish va ekstremistlar bilan aloqalarni tilga olgan. Endilikda Migrasiya agentligi muhojirlarning hujjatlarini qayta tekshirib chiqadi. Qaror ustidan migrasiya sudiga shikoyat qilish imkoniyati mavjud.
“To‘g‘ri yo‘lni tanlashga harakat qilmaydigan har qanday odam Shvesiyada qolishdan umid qilmasligi kerak”, degan edi mamlakat migrasiya vaziri Yohan Forssell mart oyida ushbu qonun loyihasini taklif qilar ekan.