Qaysi mahalliy telekanallar o‘zbekistonliklar orasida eng mashhurligi, xususan, Yangi yil oqshomida hamyurtlarimiz qaysi dasturlarni afzal ko‘rishgani ma’lum bo‘ldi.
“Kantar Media Uzbekistan” kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, “Sevimli” telekanali reytingda peshqadamga aylandi. Ikkinchi o‘rin – “ZOʻR TV”, uchinchi o‘rin esa, “Milliy” telekanaliga nasib qildi. To‘rtinchi o‘rinni “Mening Yurtim” telekanali egalladi.
Aniqlanishicha, ushbu telekanallarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi eng ko‘p tomosha qilingan (Sevimli telekanalida tomoshabinlar — 29,9 %, “ZOʻR TV” telekanalida — 18,4 %, “Milliy” — 11,7 %, “Mening Yurtim” — 5,7 % ).
Reytingning qolgan foizlari boshqa davlat va nodavlat telekanallar o‘rtasida taqsimlandi.
Albatta, bayram oqshomida tomoshabinlar yorqin, rang-barang va musiqiy ko‘rsatuvlarni kutishgan. Yangi yil dasturlari tomoshabinlarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Yangi yil arafasida “Sevimli”da namoyish etilgan “Sevimli Yangi yil shousi” (tomoshabinlar — 25,1 %) birinchilikni egalladi. “ZOʻR TV” da namoyish etilgan “Yangi yil bekati“ televizion reytingda ikkinchi o‘ringa (19,3 %) ko‘tarildi, “Sevimli” telekanalidagi “Mening qaynonam general: Yangi yil pazandalik shousi” (14,6 %) uchinchi o‘rinni egalladi.
“Milliy” telekanalning “Xos mos” (7,7 %) va “Yangi yil Ozoda Nursaidova bilan” (6,5 %) dasturlari ham tomoshabinlarni hayratda qoldirdi.
“Mening Yurtim” telekanali tomoshabinlari “Dam shou” (9,5 %) ni ma’qul ko‘rishdi.
Umuman olganda, Yangi yil arafasida tomoshabinlar orasida eng ko‘p ko‘rilgan 5 ta ko‘rsatuv quyidagilardan iborat:
1. “Fayzli Yangi yil shousi” (“Sevimli”);
2. “Yangi yil bekati” (“ZOʻR TV”);
3. “Mening qaynonam general: Yangi yil pazandalik shousi” (“Sevimli”);
4. “Zo‘r Yangi yil” (“ZOʻR TV”);
5. “Dam shou” (“Mening Yurtim”).
Reytingni tuzish uchun 2019 yil 31 dekabr soat 20:00 dan 2020 yil 00:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘i tanlandi.
Eslatib o‘tamiz, Kantar Group kompaniyasiga 1992 yilda Buyuk Britaniyada asos solingan bo‘lib, ayni paytda 100 dan ortiq mamlakatlarda telekanallar va dasturlar reytingi bilan shug‘ullanib keladi. Kompaniyaning hududiy tarmog‘i – Kantar Media Uzbekistan mamlakatimizda 2017 yil oktyabr oyidan o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda.