Yangi yil bayrami jahonda eng ko‘p nishonlanadigan ommabop bayram. Millati, irqi, dini, urf-odatlari va yoshidan qat’i nazar millionlab odamlar ushbu tantanaga katta tayyorgarlik ko‘rishadi. Ayniqsa, Yangi yil yaqinlashgani sayin tashkilotlar rahbariyati o‘z jamoasi bilan bayramni qayerda nishonlash haqida bosh qotira boshlaydi. Chunki bu xodimlarning kayfiyatini ko‘tarish, jamoani birlashtirish, miriqib hordiq chiqarish uchun yaxshi imkoniyat.
Kattaroq tantanalar uchun maxsus mo‘ljallangan zali bor jamoalar bayramni albatta o‘sha yerda o‘tkazishadi. Har yili an’anaviy ravishda ishonchli biror joyda jamoasi bilan to‘planib, xursandchilik qiladiganlar uchun ham joy masalasi hal. Qolaversa, shu paytgacha ma’qulroq maskanni tanlab, sanani band qilib qo‘yganlar ham topilsa kerak. Bayram uchun har tomonlama to‘g‘ri keladigan, barchaning ko‘nglini oladigan joy topish oson ish emas. Bizning maslahatlarimiz joy topishga sizga yordam beradi degan umiddamiz.
Qancha barvaqt bo‘lsa, shuncha yaxshi
Ommabop tamaddixonalarda bayramni nishonlash tobora urf bo‘lib bormoqda. Hatto xuddi chet eldagidek kechki ovqat, tushlik qilish uchun oilaviy restoran, kafelarga borish holatlari bizda ham ko‘p uchrayapti.
Toshkentda nima ko‘p tashkilot ko‘p. Ularning barchasi Yangi yilni banket zallarida nishonlaydi. Bayramga 3-4 kun qolganda harakatga kirishsangiz, o‘zingizga yoqqan tamaddixonalar band bo‘lishi mumkin, mos joy topa olmay qolasiz. Qancha erta kirishsangiz, shuncha yaxshi.
Zal sig‘imi
Zal taklif etilganlarning barchasini o‘z bag‘riga olishi bilan birga qulay ham bo‘lishi zarur. O‘yin-kulgi, raqs uchun ham joy bo‘lishi kerakligi e’tibordan qochmasin. Muassasa ma’muriyatining zal 60 kishiga mo‘ljallangan, degan gapiga ishonmasdan, albatta uni oldindan borib ko‘zdan kechiring. Stol-stullarning qayerga va qanday qilib joylashtirilishini so‘rab, aniqlik kiriting.
Tamaddixona joylashuvi
Mehmonlar bayramdan keyin uyiga qanday ketadi? Agar aksariyati metroda qatnaydigan bo‘lsa, muassasa metroga yaqin joylashgan bo‘lishi ayni muddao. Agar korxonangizda o‘z shaxsiy avtomobiliga egalar ko‘pchilikni tashkil etsa, avtomobil turar joyini ko‘zdan kechirish yoddan ko‘tarilmasin. U pullikmi, bepulmi, qo‘riqlanadimi-yo‘qmi bularni ham bilib olish foydadan holi bo‘lmaydi.
Bezash ishlari
Banket zali qanday bezatilganini surishtiring. Agar imkoniyat bo‘lsa, boshqa bayramlardan suratlarni ko‘rsatishlarini so‘rang. Zalni bezatish alohida to‘lanadimi yoki ijara narxi ichiga kiritilganmi aniqlashtiring. Odatda bayramga yaqin deyarli barcha tamaddixonalarni Yangi yil nafasi ufurib turadigan qilib archalar, o‘yinchoqlar, girlyandalar bilan bezatib qo‘yishadi. Agar zalni alohida usulda bezatilishini istasangiz, bunday xizmat bor-yo‘qligini so‘rashingiz kerak.
Musiqa
Xonanda jonli kuylaydimi yoki di-jey musiqalarni qo‘yib berib turadimi? So‘zga chiquvchilar, turli o‘yinlar uchun mikrofondan foydalansa bo‘ladimi? Repertuarda qanday musiqalar mavjud? Bularni bilib olganingizdan keyin ularning repertuaridagi musiqalar yoqmasa, jamoaga mos keladigan ashulalarni disk yoki fleshkada olib kelsangiz, qo‘yib berishadimi buni ham so‘rab oling.
Oshxona va taomnoma
Zamonaviy tamaddixonalar o‘zbek milliy taomlaridan tortib, uyg‘ur, xitoy, yapon, italyan, fransuz xullas, butun dunyo yeguliklaridan iborat taomnomalarni taklif etmoqda. Taomnomani tuzish uchun taklif etilayotgan mehmonlarning ta’bini taxminan bo‘lsa-da, bilishingiz kerak.
Taomnoma va boshqa masalalar
Bayram taomnomasi, taomlarning mo‘ljallangan miqdori va ularni dasturxonga tortish ketma-ketligi oldindan zal menejeri bilan kelishiladi. Qanday mahsulotlarni o‘zingiz bilan olib kelishingiz mumkinligiga albatta aniqlik kiritib oling. Mevalar, ichimliklar, konfetlar kabilarni o‘zingiz olib kelsangiz, ancha arzon tushadi. Bir odam boshiga o‘rtacha summa qancha bo‘lishini so‘rang. Qo‘shimcha buyurtma berilgan taomlar qanday to‘lanishini bilib olish ham zarar qilmaydi.
Tamaddixonaning ish tartibini biling. Bayramingiz eng avj nuqtasiga chiqqanida restoran yopilishini yoki qo‘shimcha ishlangan vaqt uchun xodimlarga alohida pul to‘laysiz deyishsa, bu sizga yoqmasligi turgan gap.
Shartnoma
O‘zingizni qiziqtirgan barcha narsalarni aniqlashtirib olganingizdan keyin shartnoma tuzishga o‘tsangiz bo‘ladi. Barcha o‘ziga xos masalalar unda aks etishi lozim: aniq kelishilgan narx, ijara vaqti, narxga nimalar kirishi, taomnoma, bezatish ishlari, xizmat uchun foiz to‘lovi (agar bo‘lsa) va boshqalar. Yozma shartnoma bayramni o‘tkazib berishdan bosh tortish yoki muassasa tomonidan aldov-qaldov holatlarida mustahkam himoya rolini o‘taydi.
Bu oddiy maslahatlarga amal qilsangiz, barcha uchun ma’qul keladigan muassasani tanlashingiz oson kechadi. Undan tashqari yig‘ilganlarni sho‘x-shodon musiqa, lazzatli va turfa yeguliklar, yoqimli muhit bilan kundalik ishlardan chalg‘ib, maza qilib dam olishi uchun sharoit yaratib bergan bo‘lasiz.