Farg‘ona viloyati Rishton tumanida joriy yilda 6 ming 500 gektar maydonda paxta klaster usulida yetishtirilmoqda. Paxtachilikka ixtisoslashgan 327 fermer xo‘jaligi bilan kontraktasiya shartnomalari tuzilib, birinchi marta joriy etilayotgan yangi usul fermerlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 25 yanvardagi "Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish chora-tabdirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida tumanda "Klaster" mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Paxtachilikda hosilni parvarishlashdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha bosqichni o‘zida mujassam etgan klaster usuli fermer xo‘jaliklariga ma’qul bo‘lmoqda.
Bugungi kunda paxtachilik sohasini yaxshi biladigan 20 dan ziyod agronom va boshqa mutaxassislar dalalarda bo‘lib, ekin rivoji, uning hosildorligini oshirish bilan bog‘liq ishlarni olib bormoqda. Zararkunandalarga qarshi kurashish maqsadida 15 yangi OVX agregati sotib olindi va bugungi kunda ulardan fermer xo‘jaliklarida samarali foydalanilmoqda.
Endi fermer hech narsaga ehtiyoj sezmaydi, mineral o‘g‘it yoki yoqilg‘ini shartnomada ko‘rsatilgan muddatda, keragicha olishi mumkin. Ishchilar o‘z vaqtida oylik maosh bilan ta’minlanayotir. G‘o‘za rivoji va holati esa jamiyat mutaxassislari tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.
– Klaster usulining afzal tomonlarini amalda o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, bunga ishonch hosil qildik, – deydi “Xoliqov Yo‘lchiboy” fermer xo‘jaligi rahbari Yo‘lchiboy Xoliqov. – Xo‘jaligimiz ixtiyorida 70 gektar yer bor. Bu yil “Klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma imzolab, 32 gektar maydonga 45 sentnerlik marrani ko‘zlagan holda “S 8290” navli chigit ekdik. Hozir g‘o‘za nihollari rivojidan ko‘nglimiz to‘q. Vegetasiya davrida ekinlar holidan har kuni xabardor bo‘lish juda muhim. Chunki nihollar bir kunda u yoki bu tomonga o‘zgarib qolishi mumkin. Bu yil 3 sotix yerda baliq yetishtirish uchun ko‘l qildik.
"Klaster" MCHJ fermer xo‘jaliklariga yer, suv va boshqa resurslardan samarali va oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish kabi ishlarda yaqindan ko‘mak bermoqda.
– Klaster tizimining joriy etilgani daromadimiz oshishiga xizmat qilmoqda, – deydi “Zarinabonu yerlari” fermer xo‘jaligi rahbari Nodira Akbarova. – Ko‘p yillardan buyon uyda parrandachilik bilan ham shug‘ullanib kelayotganim bois 2014 yili yerga tovuq go‘ngi soldik. Odatda, arang 29 sentnerdan hosil beradigan yer keyingi yildan tubdan o‘zgardi. Bugunga kelib har gektar maydondan 35 sentnerdan hosil olinmoqda. G‘alla va paxtadan har yili mo‘l hosil yetishtirib kelamiz. Bu yil 22,5 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlayapmiz. Hozirgacha g‘o‘za qator oralarini 4 marta, jumladan, 1 marta mineral o‘g‘it bilan kultivasiya qildik. Yerga me’yoridan ortiq mineral o‘g‘it tushdi. Joriy yilda chigit qo‘shqator usulda ekilgani tufayli parvarish mutaxassislar tavsiyasi va agrotexnika qoidalari asosida olib borilmoqda.
Manba: uza.uz