Yurtimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida tezkor va qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Shifokorlarimiz esa ushbu infeksiyaga chalingan bemorlarni samarali davolash yo‘lida kecha-yu kunduz jonkuyarlik bilan mehnat qilishmoqda.
Jumladan, Xorazm viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham bugun yana uch nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butunlay sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitasiyaga kuzatildi.
Tuzalganlarning barchasi charter reys orqali Rossiyadan Xorazmga olib kelingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Ularning uchchalasi ham erkak bo‘lib, Buxoro, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatidan.
61, 47 va 29 yoshli bemorlarimiz viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida shifokorlar tomonidan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida olib borilgan to‘g‘ri davolash muolajalar tufayli darddan to‘liq forig‘ bo‘lishdi.
Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 3 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 6 nafarga yetdi.
Hozirga qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butkul sog‘ayganlar 164 nafarni tashkil etmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.