Hozirda mashina xarid qilishda joriy etilgan dastlabki to‘lov summasi va shu bilan bog‘liq tartiblar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalar bo‘lmoqda. Bunday tartiblarning joriy etilishida deputatlar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildiryapti. Jumladan, O‘zbekiston avtomobil bozorida xaridorlarga qo‘yilgan ayovsiz shartlarni Rasul Kusherbayev monopolistik o‘zboshimchalik deya atamoqda va quyidagicha izohlamoqda.
"Hamma biladiki, Uzavtomotors AJ dillerlari bilan avtomashina sotib olishda shartnoma qiymatining kamida 85%ini oldindan to‘lash talablari ko‘rsatilgan.
Monopolistning iste’molchiga diktovkasi shu qadar kuchliki, hech kim nega 85% oldindan to‘lov qilishim kerak o‘zi deb so‘rab ham o‘tirmaydi.
Mashina puli to‘langach, minib ketilsa-ku, mayli, lekin puli to‘langach, oylab mashina chiqishini kutsang ham 85% pul to‘lash qaysi aqlga sig‘adi?
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, shartnoma shartlari kuchga kirishi uchun 15% oldindan to‘lov kifoya. Bu me’yorlar bundan 25 yil avvalgi farmonda belgilab qo‘yilgan.
Aytishingiz mumkin, farmonda oldindan to‘lovning eng kam miqdori 15% etib ko‘rsatilgan. Demak 50% ham, 85% ham, hatto 100% ham mumkin deb. Ha, shunday, lekin qonunga ko‘ra bu tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra belgilanadi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Qonunga ko‘ra Tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi iste’molchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Tomonlar o‘rtasida shartnoma narsasi, miqdor, narx va boshqa muhim shartlar to‘g‘risida kelishuvga erishilsa, iste’molchi bilan ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) o‘rtasida shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Lekin Ssiz Uzavtomotors AJ bilan 15% oldindan to‘lov shartlarida avtomashina sotib olish uchun shartnoma tuzishga urinib ko‘ring. Qonun bo‘yicha bunga haqli bo‘lsangiz ham aslo buning iloji yo‘q, chunki ular monopolist diktovkasi bilan tuzilgan shartnomaning bitta harfini ham o‘zgartirishmaydi. Nega? Chunki u monopolist.
Endi siz masalan, mebel sotuvchi bilan shartnoma tuzing, shartnomaning har bir bandini sotuvchi bilan muhokama qilib, o‘zaro kelishuv asosida belgilaysiz, bemalol 15% oldindan to‘lov bilan mebel buyurtma qila olasiz. Chunki sizda mebel olishda tanlov bor.
Shunga shunchami, deysizmi? 85% oldindan to‘lov bu Uzavtomotors AJ uchun tekin kredit, siz uchun esa ortiqcha to‘lov, aslida.
Masalan, o‘tgan haftada 2021 yil iyun oyida avtomashina chiqarish shartlarida (!) Labo avtomashinasi sotib olish uchun shartnoma tuzishi mumkin edi (hozir salonlarda Laboga shartnoma qolmagan).
Ya’ni 85% to‘lov qilgan xaridor Laboni 8 oy kutadi (yana +30 kun ham qo‘shilgan). 76 million so‘mlik Laboning 85%i 65 mln.so‘m bo‘ladi. Vaholanki, xaridor Labo olishga shartnoma tuzish uchun 65 mln.so‘m emas, 11 mln.so‘m to‘lashga to‘la haqli. Yo‘q, Uzavtomotors AJ monopol shartlarini tiqishtirib, bunga aslo rozi bo‘lmaydi. Natijada xaridorning 54 mln.so‘m puli 8 oyga muzlaydi, Agar shu pulni xaridor eng past stavka yillik 14% ustama bilan bank depozitida 8 oy saqlasa, kamida 5 mln.so‘m qo‘shimcha daromadga ega bo‘lgan bo‘lardi. Bu degani o‘sha 76 mln.so‘mlik Labo xaridorga, 76 mln.so‘m emas, kamida 81 mln.so‘mga tushayapti degani.
Xaridordan oldindan 85%lik to‘lov olgan Uzavtomotors AJ nima qiladi, avvalo o‘zining puliga emas, xaridorning puliga avtomashina ishlab chiqaradi, yana banklardagi depozitlarda bir necha oy saqlash evaziga daromad ham ko‘radi.
Darvoqe, Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi Uzavtomotors AJ avtomashinalari tannarxini hisoblaganida xaridorlardan 85%lik to‘lov hisobiga yig‘ilgan mablag‘larni monopolistning bank depozitlariga joylashtirishdan olingan milliardlab daromadlarni inobatga olganmikan?
Ma’lumot uchun: Uzavtomotors AJ (DjiEm O‘zbekiston AJ) 2011 yilga qadar ham 15% oldindan to‘lov shartlarida shartnomalar tuzib kelgan.
Deputat sifatida Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasidan Uzavtomotors AJ dilerlaridan avtomashina sotib olishda 85%lik oldindan to‘lov majburiyati amaldagi qonunchiligimizga muvofiqligi masalasini ham alohida o‘rganib chiqishni so‘rab qolaman. Uzavtomotors AJ esa oldindan 85% to‘lov evaziga shakllangan milliardlab bepul mablag‘lar hisobidan ega bo‘layotgan qo‘shimcha daromadlari qay yo‘nalishda sarflanayotganini ochiqlasa, yomon bo‘lmasdi, deya post qoldirgan Rasul Kusherbayev.