Germaniyaning "Germany Trade & Invest" iqtisodiy rivojlanish agentligi saytida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot beruvchi maqola chop etildi.
Xususan, unda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida iqtisodiyotni erkinlashtirishning yangi davri boshlangani haqida so‘z boradi.
Muallifning qayd etishicha, iqtisodiyotning liberallashtirilayotgani ichki bozorda kechayotgan islohotlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Xususan, bozor iqtisodiyotini joriy etish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, soliq yukini kamaytirish, bu borada qabul qilinayotgan huquqiy me’yorlar kutilgan natijalarga erishish imkonini bermoqda.
Maqolada islohotlar haqida so‘z borar ekan, mamlakatimizning tashqi savdo sohasidagi o‘zgarishlar, ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, xususiy mulkni himoya qilish, kichik biznes faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi huquqi asoslar yaratilayotgani va uning samaralari tahlil qilinadi.
Muallif maqolada mamlakatimizda amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlarni keltirish orqali islohot islohot uchun emas, avvalo, inson uchun ekaniga e’tibor qaratadi. Tadbirkorlarni har tomonlama himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida biznes yo‘lida to‘siq bo‘layotgan ko‘plab turdagi lisenziyalaraning bekor qilinayotgani, import shartnomalari ekspertizasining sezilarli soddalashtirilishi, mahalliy va xorijiy kompaniyalarning, shuningdek, investorlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida biznes ombudsmanning joriy qilinishini misol tariqasida qayd etadi.
"Islohotlar marafoni davom etadi" nomli sarlavha ostida muallif soliq ma’murchiligi, moliya tizimi, mustaqil sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash, bojxona tartibining soddalashtirilishi, hukumat tomonidan rejalashtirish va nazorat tizimining qisqartirilishi haqida fikr yuritadi.
Muallif fikriga ko‘ra, yurtimizda olib borilayotgan o‘rta muddatli islohotlar natijasida O‘zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligi oshadi, tashqi savdo faoliyati kengayib, xorijiy investorlarning qiziqishi ortadi.
Shu ma’noda, xorijiy kompaniyalar O‘zbekistonning ishga solinmagan iqtisodiy imkoniyatlari, yangi ish sharoitlarini hisobga olgan holda o‘zbekistonlik sheriklar bilan manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirishmoqda.
Ma’lmuot o‘rnida, "Germany Trade & Invest" iqtisodiy rivojlanish agentligining faoliyat yo‘nalishi Germaniya bozoriga qiziqish bildirgan xorijiy kompaniyalarga maslahatlar va ko‘mak berish, shuningdek, tashqi bozorga o‘z mahsulotlarini sotish istagida bo‘lgan germaniyalik tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Shu tariqa Markaziy Osiyo davlatlari orasida aholisi eng zich joylashgan O‘zbekiston xorijiy investorlar yanada jozibadorlik kasb etmoqda.
Manba: uza.uz