“O‘zbekkonsert” shartlarga rioya qilmagan san’atkorlarning lisenziyasi to‘xtatilishini ma’lum qildi.
"O‘zbekkonsert” davlat muassasasi axborot xizmatining xabar berishicha, qonunchilikda O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish uchun avvalo «O‘zbekkonsert» davlat muassasasini yozma ravishda xabardor qilish shartligi belgilab qo‘yilgan.
Agar davlat muassasasini yozma xabardor qilmasa, belgilangan lisenziya talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.
"O‘zbekkonsert" davlat muassasasi bunday faoliyat noqonuniy ekanligini ta’kidlab, O‘zbekiston Respublikasi tashqarisida konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va rejalashtirishda "O‘zbekkonsert" davlat muassasasini xabardor qilgan holda faoliyat yuritishlari lozimligi to‘g‘risida ogohlantirmoqda.
"Bugungi kunda ushbu talablarga rioya qilmay xorijda konsert dasturlarini rejalashtirib o‘tkazayotgan xonandalar yo‘q emas. Lisenziya talab va shartlariga rioya qilmagan san’atkorlarning lisenziyasi "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi tomonidan muddatidan oldin to‘xtatilishi ma’lum qilinadi" , - deyilgan "O‘zbekkonsert” DM axborot xizmati xabarida.