Bugun 23 aprel, 2024 yil, seshanba

КИР

Xorazmda ota to‘ng‘ich o‘g‘lining qotiliga aylandi

Xorazmda ota to‘ng‘ich o‘g‘lining qotiliga aylandi

Oltmish yoshli Azamat Ibrohimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) muqaddam sodir qilgan jinoyatlari uchun bir necha bor sudning qora kursisiga o‘tirib, jazolangan bo‘lsada, bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan yana jinoyat yo‘liga qadam qo‘ydi.

Avvaliga muqaddam sodir qilgan jinoiy qilmishlari uchun jazosini o‘tab kelib, oilasi bilan tinch-osuda hayot kechirardi. Biroq, oradan ko‘p vaqt o‘tmay spirtli ichkilik ichishga ruju qo‘ydi. Ichib shovqin ko‘tarib hammaning tinchligini buzishga odatlandi, atrofidagilar bu holatdan bezor bo‘lib, undan uzoqlasha boshlashdi. Kundalik janjallardan bezigan kichik o‘g‘il alohida uyga chiqib ketdi, endi otaning xarxashasini ko‘tarish katta o‘g‘ilga qoldi. Katta o‘g‘il ham otasi ichgan kunlari boshqa qarindoshlarinikida tunardi.

Fojia yuz bergan kuni, ya’ni 2021 yil 8 may sanasida kichik o‘g‘ilga akasi qo‘ng‘iroq qilib, otasi yana ichib olib, xurmacha qiliqlarini boshlaganligini, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bilan ham tinchlantira olishmaganini aytib noligan va shu sababli o‘zi ham kelib, otasini uyga kiritib tinchlantirishda yordam so‘ragan.

Kun botar payt do‘stining mashinasida uyiga kelgan kichik o‘g‘il va aka bir amallab mast-alast otasini uyiga kirgizib, yotqizishdi va yengil tin olgan aka ukasiga o‘zi bilan kelgan do‘stining mashinasida kutib turishini aytadi va otasi uxlab qolganiga ishonch hosil qilishi uchun uyga qaytadi.

Biroq, ichkilik ta’sirida aqli xiralashgan ota o‘g‘illarining bu harakatlarini haqorat kabi qabul qilib, turli xayollar ta’sirida oshxonaga kirib qo‘liga pichoq olganligini o‘zi ham anglamagan bo‘lsa kerak.

Tashqarida esa “otam tinchlandi” deb o‘ylab endigina ketmoqchi bo‘lib turgan katta o‘g‘il, nogahon ko‘ksiga sanchilgan pichoq hamda otasining “senga shu kerakmidi, o‘lsang o‘lib ket” degan hayqirig‘idan karaxt holatga tushib, ko‘ksini changallab qoladi. Yetkazilgan jarohat shu darajada og‘ir ediki, uni zudlik bilan tuman Tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgani ham, tezkor muolajalar olib borilgani ham saqlab qola olmadi, yosh va navqiron yigitning hayotiga nuqta qo‘yildi.

Albatta, birorta jinoyat jazosiz qolmaydi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi Azamat Ibrohimovga 10 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

Hikmat Saidov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudining raisi

Kiritildi: 11:50 28.10.2021. O'qildi: 5013 marta. Fikrlar soni: 1 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!