Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Xodimga xizmat safari xarajatlari uchun oldindan pul beriladimi?

Xodimga xizmat safari xarajatlari uchun oldindan pul beriladimi?

1. Xizmat safari o‘zi nima?

Xizmat safari deganda – xodimni tashkilot rahbarining farmoyishi bo‘yicha, o‘zining doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirig‘ini bajarish uchun boshqa joyga, ma’lum bir muddatga yuborilishi (borib kelish) tushuniladi (http://lex.uz/docs/845611).

2. Xizmat safarining muddati qancha? 

Bu tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi. Xizmat safari har bir holat uchun yo‘ldagi vaqtni hisobga olmaganda 40 kundan ko‘p bo‘lmasligi kerak.

Montaj, sozlash va qurilish ishlarini bajarish uchun yuboriladiganda esa 12 oydan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.

Xizmat safari muddati istisno tariqasida tashkilot rahbarining yozma ruxsatnomasiga asosan uzaytirilishi mumkin.

3. Xizmat safari xarajatlari uchun oldindan pul beriladimi?

Xodimga xizmat safariga ketishdan oldin kundalik, yo‘l xarajatlari, turar joyni ijaraga olish xarajatlari chegarasida pul ko‘rinishidagi avans (bo‘nak) to‘lanishi kerak.

4. Avans yetmay qolsa yoki ortib qolsa, nima bo‘ladi?

Bunday holda xodim xizmat safaridan qaytgan kundan e’tiboran 3 ish kuni mobaynida avans hisobotini taqdim qiladi. Shunga asosan yetmay qolgan pul summasi to‘lab beriladi yoki ortgan pul tashkilotga qaytariladi.

5. Yo‘l hujjatlari mavjud bo‘lmaganda, yo‘l xarajati qay tarzda qoplab beriladi?

Ushbu holatda byudjet tashkiloti xodimlariga har bir kilometr uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)*ning 0,08 foizi (1 km uchun 178,4 so‘m ) miqdorida yo‘l haqi to‘lanadi.

Boshqa tashkilot xodimlariga jamoa shartnomasi yoki mehnat shartnomasida belgilangan miqdorlarda, biroq har bir kilometrga BHMning 0,08 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda yo‘l haqi to‘lanadi.

6. Xizmat safari davomida mehmonxonalarning lyuks-nomerlarida yashasa ham xarajatlar qoplab beriladimi?

Ha. Xodim xizmat safari davomida mehmonxonalarning lyuks-nomerlarida yashasa ham xarajatlar qoplab beriladi. Bunda, byudjet tashkilotlarida to‘lovni amalga oshirish, tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda ushbu nomer qiymatining 70 foizigacha miqdori byudjet mablag‘lari hisobidan, qolgan qismi esa byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

7. Xodimning ijarada turganligini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmasa, xarajati qoplab beriladimi?

Bunday holatda xodimga har bir sutka uchun BHMning 20 foizi miqdorida (44 600 so‘m) pul to‘lanadi.

8. Kundalik xarajatlar uchun qancha miqdorda pul to‘lanadi?

Toshkent shahrida, shaharlar — viloyatlar markazlarida BHMning 0,1 koeffisiyenti (22 300 so‘m) miqdorida, boshqa shaharlar va aholi yashaydigan punktlarda esa BHMning 0,08 koeffisiyenti (17 840 so‘m) miqdorida kompensasiya to‘lanadi.

9. Bir viloyat doirasidagi tuman (shahar)larga xizmat safariga yuborilganda ham xarajatlar qoplab beriladimi?

Ha albatta, xodim o‘zining doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirig‘ini bajarish uchun rahbarining farmoyishi bilan yuborilgan bo‘lsa, xarajatlar qoplab berilishi lozim.

10. Xizmat safariga yuborilgan xodim kasal bo‘lib qolsa nima bo‘ladi? 

Bunday holda xizmat safariga yuborilgan xodimga umumiy asoslarda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi to‘lanadi. 

Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik kunlari xizmat safari muddatiga qo‘shilmaydi.

Eslatma: hozirgi kunda bazaviy hisoblash miqdori 223 000 so‘m.

Kiritildi: 15:36 13.11.2019. O'qildi: 2807 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!