Bugun 30 yanvar, 2026 yil, juma

КИР

Xitoyda Myanmadagi onlayn firibgarlik markazlari tarmog‘ini boshqargan Min oilasining 11 a’zosiga nisbatan o‘lim hukmi ijro etildi

Xitoyda Myanmadagi onlayn firibgarlik markazlari tarmog‘ini boshqargan Min oilasining 11 a’zosiga nisbatan o‘lim hukmi ijro etildi

Xitoyda Myanma hududida faoliyat yuritgan onlayn firibgarlik (skam) markazlari tarmog‘ini boshqarishda ayblangan Min oilasining 11 nafar a’zosiga nisbatan o‘lim hukmi ijro etildi. Bu haqda Xinhua axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Min sindikati a’zolari 2023 yil noyabrida Myanmaning Xitoy bilan chegaraga yaqin hududida qo‘lga olingan. 2025 yil sentyabrida bo‘lib o‘tgan sud majlisida ular qotillik, noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish hamda yirik miqyosdagi onlayn firibgarlikda aybdor deb topilib, o‘lim jazosiga hukm qilingan. Noyabr oyida oliy instansiya sudi apellyasiya shikoyatini rad etgan va 29 yanvar kuni hukm ijro etilgan.

Sud qarorlariga ko‘ra, Min oilasi skam-markazlar va kazino biznesi orqali 2015–2023 yillar oralig‘ida 10 mlrd yuandan ortiq (taxminan 1,4 mlrd dollar) noqonuniy daromad olgan. Ularning jinoiy faoliyati Xitoyning kamida 14 nafar fuqarosi halok bo‘lishiga sabab bo‘lgan.

Shu bilan birga, 2023 yilda ushbu sindikat bo‘yicha qo‘lga olingan barcha shaxslarga o‘lim jazosi tayinlanmagan. Sud 23 nafar shaxsga nisbatan besh yillik qamoqdan tortib umrbod ozodlikdan mahrum etishgacha bo‘lgan jazolarni belgilagan.

Firibgarlik markazlari Janubi-Sharqiy Osiyoda jiddiy muammo sifatida qolmoqda. Interpol baholariga ko‘ra, ushbu skam-markazlarda yuz minglab odam savdosi qurbonlari majburiy mehnatga jalb etilgan. BMT ma’lumotlariga ko‘ra esa, 2023 yilning o‘zida onlayn firibgarlik tufayli butun dunyo bo‘ylab kamida 37 mlrd dollar miqdorida moliyaviy zarar yetkazilgan.

Kiritildi: 21:49 29.01.2026. O'qildi: 332 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!