Xitoyda ishlab chiqarilgan gumanoid robot mamlakatning sharqiy qismidagi shaharlar orasida 106 kilometr masofani to‘xtamasdan bosib o‘tib, Ginnesning rekordini o‘rnatdi. Bu haqda China Daily Asia xabar berdi.
Bu xabar Ginnesning rekordlar kitobi veb-saytida ham e’lon qilindi.
Shanxayning Agibot kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan A2 roboti 10 noyabr kechasi Suchjoudan yo‘lga chiqdi va 13 noyabr kuni erta tongda Shanxaydagi Vaytan sohiliga yetib keldi. Tez almashtiriladigan batareya tizimi robotga 106 kilometr 286 metr masofani bosib o‘tishiga yordam berdi va u marraga shikastlanmasdan yetib keldi.
Ishlab chiquvchi krmpaniyaning so‘zlariga ko‘ra, zaruriy jihozlar robotga qiyin sharoitlarda muvaffaqiyatli harakatlanish imkonini berdi.
Shanxayga yetib kelgach, rekordchi qahramon jurnalistlarga o‘z sayohatini “mashina hayotidagi unutilmas tajriba” deb ta’rifladi va hazil bilan “unga yangi poyabzal kerak bo‘lishi mumkin” deb ishora qildi.