Xitoy Rossiya misolida G‘arb sanksiyalariga qarshi turish yo‘llarini o‘rganmoqda, deb yozadi The Wall Street Journal manbalarga tayanib.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Pekinda sanksiyalarning Rossiyaga ta’sirini o‘rganuvchi va muntazam ravishda mamlakat rahbariyatiga hisobot tayyorlaydigan maxsus idoralararo guruh tashkil etilgan.
Bunday tadbirlarning maqsadi G‘arb cheklovlari ta’sirini yumshatish bo‘yicha Rossiya tajribasidan saboq olishdir. Xususan, shu maqsadda Xitoy rasmiylari vaqti-vaqti bilan Moskvaga tashrif buyurib, u yerda Rossiya Markaziy banki, Moliya vazirligi va boshqa idoralar vakillari bilan uchrashib turadi.
XXR Rossiyaning sanksiyalar bosimi ostida «mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish tashabbuslaridan» ham manfaatdor, dedi gazeta suhbatdoshlaridan biri.
The Wall Street Journal nashrining ta’kidlashicha, Pekin Tayvan atrofidagi vaziyat keskinlashsa, AQSh va uning ittifoqchilari Xitoyga qarshi Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan Rossiyaga qarshi ko‘rilgan choralarga o‘xshash sanksiyalar joriy qilishidan xavotirda bo‘lishi mumkin.
Gazeta manbalarining ta’kidlashicha, ushbu guruhning ishi Xitoy bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini anglatmaydi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi nashrga bergan izohida Pekin "dunyoning barcha mamlakatlari, jumladan, Rossiya bilan tenglik va o‘zaro manfaatdorlik asosida hamkorlik qilishga" sodiqligini ta’kidladi.