Xitoy Markaziy harbiy kengashida Xitoy yetakchisi Si Jinpinning o‘rinbosari bo‘lgan Chjan Yusya AQShga yadro quroli dasturi haqidagi ma’lumotlarni uzatishda ayblanmoqda — The Wall Street Journal
Nashrning o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Chjan Yusya mamlakatdagi yadro quroli yaratish dasturi haqida AQShga axborot uzatganlikda ayblanmoqda. Bundan tashqari, general pora olishda va mudofaa vaziri lavozimini “sotishda” gumon qilinmoqda.
Avvalroq Xitoy Mudofaa vazirligi Chjan Yusya hamda Markaziy harbiy kengash Birlashgan shtabi boshlig‘i Lyu Chjenli ustidan tergov boshlanganini ma’lum qilgan edi. Vazirlik jinoyat ishlarining tafsilotlarini oshkor qilmagan. Faqatgina har ikki yuqori martabali amaldor “intizom va qonunni jiddiy buzishda” gumon qilinayotganini bildirgan. Odatda Xitoyda bu ibora ortida korrupsiya ayblovlari yotadi.
WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, ikki nafar yuqori lavozimli harbiy amaldorga nisbatan tergov boshlanganini rasman e’lon qilishdan bir necha soat avval Xitoy armiyasi oliy harbiy rahbariyati ishtirokida yopiq brifing o‘tkazilgan.
Xitoydagi eng yuqori lavozimli harbiy amaldor hisoblangan Chjanning vazifadan chetlatilishi XXR raisi Si Jinping qo‘lida harbiy hokimiyatning misli ko‘rilmagan darajada jamlanishini anglatadi, deya qayd etadi nashr.
Financial Times gazetasi ham armiyadagi korrupsiyaga qarshi tergovlar natijasida qurolli kuchlarga rahbarlik qiluvchi Markaziy harbiy kengashda atigi ikki kishi qolganini, ulardan biri Xitoy rahbari ekanini ta’kidlaydi. Jurnalistlar bu holat MHK uchun misli ko‘rilmagan vaziyat ekanini ko‘rsatadi.
2013 yilda XXR raisi lavozimiga kirishganidan so‘ng, Si Jinpin harbiy va davlat boshqaruvining barcha darajalardagi ehtimoliy korrupsiyasiga qarshi kurashni kuchaytirgan. Tanqidchilar esa u korrupsiyaga qarshi kampaniyani keraksiz raqiblarni bartaraf etish uchun ishlatyapti, deb hisoblaydi.
Oktyabr oyida Xitoy hukumati armiyaning to‘qqiz nafar vakiliga nisbatan korrupsiya gumoni bilan tergovlar boshlanganini e’lon qilgan. Ikki nafar yuqori martabali general lavozimidan olingan, ular orasida Chjan Shenminning o‘tmishdoshi bo‘lgan Xe Veydun ham bor.