“Xalqaro genosid tadqiqotchilari assosiasiyasi” (IAGS) olimlarining ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil hukumatining harakatlari xalqaro huquqda belgilangan genosid mezonlariga mos keladi. Bundan tashqari, rezolyusiyada aytilishicha, Isroil harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan. 500 dan ortiq a’zoga ega ilmiy uyushma bu qarorni 86% ovoz bilan qabul qilgan.
Rezolyusiyada, jumladan, Holokost va genosid bo‘yicha izlanish olib boruvchi isroillik va yahudiy olimlarning xulosalari ham keltiriladi, ular G‘azodagi harbiy operasiyani genosid deb hisoblashgan.
Hujjatda ta’kidlanishicha, 2023 yil 7 oktyabr kuni HAMAS tomonidan sodir etilgan teraktlar xalqaro huquqqa ko‘ra jinoyat hisoblanadi. Ammo ularga javoban Isroil hukumati tizimli va keng ko‘lamli insoniyatga qarshi jinoyatlar, harbiy jinoyatlar hamda genosid sodir etgan, jumladan, tinch aholiga va fuqarolik infratuzilmasiga nisbatan nishon tanlamasdan hamda ataylab uyushtirilgan hujumlar qilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Isroil hukumati qasddan qishloq xo‘jaligi yerlari va oziq-ovqat omborlarini yo‘q qilgan, gumanitar yordam ko‘rsatishga to‘sqinlik qilgan va bu chora-tadbirlar “o‘ta og‘ir yashash sharoitlarini yaratish”ga qaratilgan.
Tadqiqotchilar, shuningdek, Isroil vazirlar mahkamasi a’zolari va harbiylarining bayonotlarini keltirib o‘tishadi. Ularda falastinliklar “inson qiyofasidagi hayvonlar” deb atalgan hamda G‘azo sektorini “tekislab yuborish” va uni “do‘zaxga aylantirish” niyati ochiq-oydin bayon etilgan.