Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Xalq ta’limi bo‘limi xodimi jinoyatga qo‘l urdi

Xalq ta’limi bo‘limi xodimi jinoyatga qo‘l urdi

Ota-onalar farzandlarini yetuk inson bo‘lishini istab, maktab muassasalariga o‘qitish uchun yuborishadi. Vaholanki, ushbu muassasalar faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklatilgan xalq ta’limi bo‘limi xodimlari tomonidan jinoyatga qo‘l urilishi maktabda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning tarbiyasiga salbiy ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi.

Xaqqulov Jonibek Odilovich(ism-sharif shartli) 2017 yil 7 noyabrdan 2019 yil may oyiga qadar Xatirchi tuman Xalq ta’limi bo‘limining ta’lim sifatini monitoring qilish bo‘limida inspektor-metodist vazifasida ishlab kelib, attestasiyadan o‘tuvchi pedagog kadrlar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar berish kabi vazifalarni bajarish chog‘ida g‘arazgo‘ylik va past maqsadlarni ko‘zlab, go‘yoki soxta hujjatlar bilan tumanning ta’lim ko‘rsatkichlarini yaxshilash maqsadida attestasiyadan o‘ta olmagan, shuningdek, toifa sertifikatining amal qilish muddati tugaganligi sababli toifaga ega bo‘lmagan o‘qituvchilar nomiga soxtalashtirilgan holda rasmiylashtirish harakatlarini muassasadagi kompyuter vositasi va rangli printeri yordamida sertifikat seriya-raqami, unga qayd qilinadigan o‘qituvchining fan turi va shaxsiga oid ma’lumotlarini o‘zgartirish yo‘li bilan amalga oshirib, soxta sertifikatlarni tumandagi maktab direktorlari orqali ish haqini hisoblash “UZASBO” elektron dasturiga hamda maktablardagi tarifikasiya hujjatlariga kiritib, soxta buyruq chiqarish yo‘li bilan to‘lovga taqdim etishi natijasida, jami 83 ta umumta’lim maktablarining 379 nafar attestasiyadan o‘tmagan o‘qituvchilariga asossiz ravishda ortiqcha to‘lovlarga yo‘l qo‘yilib, jami 132 mln. 263 ming 250 so‘mlik juda ko‘p miqdordagi byudjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilib, qonun bilan qo‘riqlanadigan davlat va jamiyat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman sudi raisi Z.Ibragimov tomonidan ko‘rib chiqilib, Xaqqulov Jonibek Odilovichga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

J.Haqqulov tomonidan jinoyat yillar davomida sodir etilganligi bu borada yuqori turuvchi organlar tomonidan  o‘z vaqtida nazorat qilinmaganligi, jinoyat sodir etilishiga bamaylixotir qarab turilganligidan dalolat beradi.

Har bir sohada haqqoniylik, chin ko‘ngildan ishlash, adolatlilik hukm surmas ekan, ushbu turdagi jinoyatlar sodir bo‘laveradi. Shu sababli, har bir xodim faoliyatini tizimli va izchil nazorat qilish kelajakda  adolatli va samarali ishlash mexanizmi yaratilishida asos bo‘lim xizmat qiladi.

 

Xurshid Asomov,

 Jinoyat ishlari bo‘yicha

Nurota tuman  sudi  devonxona mudiri

Kiritildi: 21:14 28.05.2020. O'qildi: 3723 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!