Xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tuman Kengashining 50 sessiyasi bo‘lib o‘tdi
Sessiyaga qo‘yilgan asosiy masala, tuman hokimining 2021 yil yakunlari va 2022 yilga mo‘ljallangan istiqbolli rejalari to‘g‘risidagi hisoboti va tuman fuqarolariga murojaati o‘qib eshittirildi.
"Assalomu alaykum!
Hurmatli deputatlar va tuman faollari!
Hurmatli ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar hamda blogerlar!
Joriy yil, o‘tgan yilgi yo‘qotishlarni o‘rnini to‘ldirish va ikki karra mas’uliyatni oshirish yili bo‘ldi desak xato qilmagan bo‘lamiz.
Shu bois, bugun Sizlar bilan birgalikda 2021 yil uchun belgilab olingan vazifalarimiz ijrosi, erishilgan natijalar va kelgusi yilgi ustuvor yo‘nalish va vazifalarni belgilab olishimiz lozim.
Hamma mutassaddi rahbarlar bir haqiqatni tushunishi kerak, islohotlarning amaliy natijadorligini oshirish, joylarda yangi tashabbuslarni ilgari surishda aholining yanada faolroq, yanada tashabbuskor bo‘lishi biz uchun juda muhim.
Shuningdek, odamlar yetarli daromad topishi uchun qulay biznes va investisiya muhitini shakllantirib, yangi-yangi korxonalar va ish joylarini ko‘paytirish kabi dolzarb masalalarimiz bor.
Eng asosiysi, bu islohotlar natijasida tumanimiz aholisi uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishimiz kerak. Odamlarimiz yetarli daromad topishi uchun eng qulay biznes va investisiya muhitini shakllantirib, yangi-yangi korxonalar va ish joylarini ko‘paytirishimiz zarur.
Bu borada Davlatimiz rahbari tomonidan ishlarni “Mahallabay” tashkil etishda olib borayotgan islohotlari:
Jumladan, joriy yil “Obod - mahalla va obod - qishloq” dasturi asosida har bir mahallada obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun 2,0 mlrd so‘mdan mablag‘ ajratilishi;
“Zamonaviy mahalla” dasturi asosida har bir mahalla idoralarini qurish va rekonstruksiya qilish;
Mahalla fuqarolari raislari faoliyatini reyting baholash orqali rag‘batlantirish tizimi joriy etilganligi;
Har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash bo‘yicha tuman hokimi yordamchisi hamda yoshlar masalalari bo‘yicha shahar hokimining vakili – yoshlar yetakchisi lavozimlari joriy etilganligi har bir mahalla misolida yaqqol na’muna bo‘la oladi.
Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qaroriga muvofiq, Toshkent viloyati Qibray tumanidan, Mirzo Ulug‘bek tumaniga 2 294,6 gektar maydondan iborat 13 ta mahalla qo‘shilib, mahallalarimiz safi 70 taga yetdi. Natijada Mirzo Ulug‘bek tumani poytaxtimizning eng yirik tumaniga aylandi. Bu esa o‘z o‘rnida yangi sohalarni ichiga kirish, hisob-kitob bilan chuqur tahlil qilgan holda ishlarni tashkil etishni talab qiladi.
Joriy yilda belgilangan rejalar ijrosi bo‘yicha to‘xtalib o‘tsam.
Tuman aholisi 314,5 ming kishini tashkil etib (Qibray aholisi bilan), shundan, iqtisodiy faol aholi soni 251,6 ming kishini, band aholi soni 243,7 ming kishini, ishsizlar soni 7,8 ming kishini, ishsizlik darajasi 7,4 foizni tashkil qilmoqda.
Birgina xizmatlar sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha belgilangan reja 40 432 tani tashkil etib, 1 dekabr holatiga 34 067 tani, ya’ni 85 foizga bajarilmoqda. Mazkur rejani yil yakuniga qadar 102 foizga bajarishni belgilab oldik.
“Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida joriy yilning o‘zida 8,5 mlrd so‘m imtiyozli kreditlar ajratilib, 500 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Byudjet ijrosi bo‘yicha yillik kontingent rejasi 1,7 trln so‘m belgilangan bo‘lib, 1 dekabr holatiga amalda 1,6 trln so‘mga ya’ni 95 foizga ta’minlanmoqda. Mazkur rejani yil yakuniga qadar 103 foizga bajarishni belgilab oldik. Mahalliy byudjet ijrosini esa 100 foizga bajarish bo‘yicha tegishli chora tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tumandan ro‘yxatdan o‘tgan kichik biznes sub’ektlari soni 1 dekabr holatiga 10 959 tani tashkil etib, shundan faoliyat yuritayotgan 10 571 ta, faoliyat yuritmayotgan 388 ta, joriy yilda yangi tashkil etilgan 1 840 tani tashkil etmoqda.
Tumanning asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari jumladan,
- Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3,7 trln so‘m, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 102,0 foizga, aholi jon boshiga 13,0 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi;
- Xizmat ko‘rsatish hajmi 6,8 trln so‘m, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 105,5 foizga, aholi jon boshiga 23,8 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi;
- Pudrat qurilish ishlari 2,2 trln so‘m, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 104,3 foizga, aholi jon boshiga 7,7 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi;
- Chakana savdo aylanmasi 2,4 trln so‘m, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 111,7 foizga, aholi jon boshiga 7,9 mln so‘mdan to‘g‘ri keladi.
2021 yil yakuniga qadar o‘zlashtiriladigan umumiy investisiyalar hajmi loyiha tashabbuskorlarining ma’lumotlariga asosan 4,3 trln.so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Mazkur ko‘rsatkich 2020 yildagiga nisbatan 0,9 trln.so‘mga ko‘p ya’ni 26,4 foizga o‘sishga erishiladi.
Joriy yil 1 dekabr holatiga ko‘ra tuman investisiya dasturiga muvofiq umumiy qiymati 2,2 trln.so‘m bo‘lgan 65 ta loyihalar ishga tushirildi va 1 368 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Hurmatli faollar!
Yoshlar bandligini ta’minlash va ularning muammolarini hal etish hamda kambag‘allikni qisqartirish, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘htalib o‘tsam.
Tumanda yil boshida 796 ta ehtiyojmand oilalar ro‘yhati – “Temir daftar”da mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 1 dekabr holatiga 628 ta oilalar Xalq depututlari tuman Kengashi qarorlari asosida “Temir daftar” ro‘yhatidan chiqarilgan.
Mazkur oilalarning 93 tasini bandligini ta’minlash orqali, 65 nafari o‘z ishiga tiklangan, 207 nafariga tibbiy yordam yordam berilgan, 230 nafariga moddiy yordam ajratilgan hamda 33 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshlagani sababli ro‘yhatdan chiqarilgan.
“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yil boshidan mazkur oilalar uchun jami 1,7 mlrd so‘m mablag‘lar ajratildi.
Har bir mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlar va ayollar daftariga kiritilganlar bilan birma-bir muloqot qilish, ularning ehtiyojlarini aniqlash, dardu-tashvishini, taklif va qiziqishlarini hamda mahalladagi aniq holatni o‘rganish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan 4 183 nafar xotin-qizlarning muammolari tizimli ravishda hal etildi.
Jumladan, 393 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi, 97 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga o‘qitildi, 91 nafar xotin-qizlar tadbirkorlikka jalb etilib, ularga imtiyozli kreditlar ajratildi. 1099 nafar xotin-qizlarga moddiy yordam ajratildi, 30 nafariga turar-joy konpensasiyasi to‘lab berildi. 379 nafar xotin-qizlarga manzilli tibbiy yordam ko‘rsatildi. 1246 nafar xotin-qizlarga huquqiy yordam ko‘rsatilib, 1178 nafar xotin qizlarga esa psixologik yordam ko‘rsatildi.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11 martdagi 132-son hamda 28 apreldagi 250-son qarorlariga muvofiq, “Yoshlar daftari”ga jami 2 411 nafar yoshlar kiritilib, shundan 2 308 nafari “Yoshlar daftari”dan chiqarildi. Bugungi kunda “Yoshlar daftari”da mavjud yoshlar soni 103 nafarni tashkil etmoqda.
Shuningdek, joriy yilda tumanda yoshlarga oid davlat siyosatini sifatli amalga oshirish va yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish natijasida 2 154 nafar yoshlarning bandligi ta’minlandi. Shundan, 667 nafar yoshlar doimiy ish bilan ta’minlandi, 469 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qish uchun yo‘naltirildi, 475 nafar yoshlar tadbirkorlikka o‘qish uchun yo‘naltirildi, 740 nafar yoshlar o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilib, ularga muayyan yo‘nalishda faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, 47 nafar yoshlarga 1 mlrd. 435 mln. so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar olishga ko‘maklashildi.
2021 yil davomida “Yoshlar jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan jami 531 nafar yoshlarga 1 mlrd. 913,6 mln. so‘m miqdorida ijtimoiy-iqtisodiy yordamlar ko‘rsatildi.
Jumladan, 213 nafar yoshlarga 209,4 mln. so‘m miqdoridagi bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi, 66 nafar yoshlarga 91,1 mln. so‘m miqdorida tadbirkorlik, kasb-hunar, haydovchilik va qayta tayyorlov kurslari uchun mablag‘lar ajratildi, 91 nafar yoshlarga 633,2 mln. so‘m miqdorida o‘zini-o‘zi band qilgan yoshlarga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar olib berildi, 73 nafar “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar, shuningdek “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga 479,5 mln. so‘m miqdoridagi to‘lov-kontrakt pullari to‘lab berildi, 80 nafar “Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilari va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning 416 mln. so‘m miqdoridagi safarbarlik chaqiruvi rezervi badallari to‘lab berildi.
“Beshta muhim tashabbus” doirasidagi tadbirlarga esa jami 2 mlrd. 533,4 mln. so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari sarflandi.
Tumanda jami 104 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lib, shundan 62 ta davlat va 42 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Mazkur yilda bog‘chalarda qamrov darajasi 104,1% ni tashkil etib, tumanda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tizimi quvvati 22 ming 570 o‘rinni tashkil etmoqda.
Tuman maktabgacha ta’lim bo‘limida 2021 yil davomida “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida 4 ta (274, 378, 446, 471-son) maktabgacha ta’lim tashkilotlari kapital ta’mirlanib, ularga 4,2 mlrd. so‘m miqdorida pul mablag‘lar ajratildi.
Shuningdek, joriy yilda 9 ta (14, 137, 223, 410, 367, 312, 270, 148, 232) maktabgacha ta’lim tashkilotlari joriy ta’mirlanib, jami 6 mlrd. so‘m miqdorida pul mablag‘lari ajratildi.
Tuman Xalq ta’limi bo‘limi tasarrufida 32 ta umumta’lim maktabi, 4 ta ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktablar, 2 ta maxsus maktab-internatlar, 1 ta Prezident maktabi va 6 ta nodavlat umumta’lim maktablari faoliyat yuritmoqda. Mazkur umumta’lim maktablarda jami 47 394 nafar o‘quvchilar tahsil olishmoqda.
Joriy yilda tumandagi 35-sonli umumta’lim maktabini kapital ta’mirlanishi uchun 13 mlrd. so‘m pul mablag‘lari ajratilib, hozirda 11 mlrd. 211 mln. so‘m miqdorida ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan, shu bilan birga, mazkur umumta’lim maktabida 540 o‘rinli qo‘shimcha bino barpo etilmoqda.
Tumanda jami 2 326 nafar pedagog xodimlar faoliyat ko‘rsatib, shundan pedagog xodimlarning 2 270 nafari oliy, 56 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilarni tashkil etadi.
Umumta’lim maktablarda jami 329 ta yangi to‘garaklar faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilib, ularga 3 803 nafar o‘quvchi-yoshlar qamrab olindi.
2020-2021 o‘quv yilida jami 3 315 nafar bitiruvchilar mavjud bo‘lib, shundan 1 955 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirdi, 98 nafari kollej va texnikumlarda tahsil olmoqda, 11 nafari harbiy xizmatga ketgan, 35 nafari chet elga ketgan, 16 nafari turmushga chiqqan, 1 058 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar, 133 nafari norasmiy sektorda bandligi ta’minlanganlarni tashkil etmoqda.
Bugungi kunda, bitiruvchi-yoshlardan 9 nafari bandligi ta’minlanmagan bo‘lib, ulardan 3 nafari nogironligi mavjud bo‘lganligi sababli, 6 nafari o‘z xohishiga ko‘ra ota-onasi qaramog‘ida qolmoqda.
Joriy yilda tumanda 1 286 ta madaniy, ma’naviy va mafkuraviy immunitetni oshirishga qaratilgan tadbirlar tashkillashtirilib, ularga 78 946 nafar yoshlar qamrab olindi.
2021 yil davomida tumandagi mahallalarda jami 189 marotaba “Hokim va yoshlar”, “Sektor rahbari va yoshlar” uchrashuvlari o‘tkazilib, ularda 3 380 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etdilar. O‘tkazilgan uchrashuvlarda yoshlar tomonidan jami 638 ta turli murojaatlar ko‘tarilgan bo‘lib, ularning 423 tasi joyida hal etildi, 64 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, 151 tasi “Yo‘l xaritasi”ga kiritilib, bugungi kunda mazkur muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Tuman hududida sog‘liqni saqlash tizimidagi 14 ta tibbiyot muassasalari tuman aholisiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Tumanda koronavirusga qarshi jami emlanishi rejalashtirilgan aholi soni 202 386 nafar tashkil etib, bugungi kunda, 249 093 nafar aholi emlanganlarni tashkil etmoqda. Shundan, 1-doza 144 535 nafar, 2-doza 83 752 nafar, 3-doza 20 806 nafarni tashkil etadi.
Tuman mahalliy byudjetining 2021 yil byudjet parametrlari doirasida Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikaning ichki qismini joriy ta’mirlash ishlari uchun 78,4 mln. so‘m va 1-son ftiziatriya poliklinikaning sovuk suv tizimini ta’mirlash ishlari uchun 16 mln. so‘m va 9-sonli oilaviy poliklinikaning tom kismini joriy ta’mirlash uchun 392,7 mln. so‘m mablag‘lar ajratildi.
Ko‘rikdan o‘tkazilgan aholining rejali stasionar sharoitda davolash va sog‘lomlashtirish ishlarini olib borish uchun Respublika va shahar tibbiy muassasalariga jami 2 958 nafar fuqarolarga yo‘llanma-orderlar berildi.
Shuningdek, 70 061 nafar 0-18 yoshgacha bo‘lgan bolalar to‘liq chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 27 675 nafarida turli xil kasalliklar aniqlanib, ular bilan davolash-sog‘lomlashtirish ishlari tashkilashtirildi.
Bugungi kunda, tumanda nafas tizimi kasalliklari bilan 37 301 nafar, endokrin kasalliklar bilan 12 283 nafar, kardiologik kasallik bilan 21 499 nafar bemorlar «D» nazoratga olindi.
Hurmatli faollar!
Xabaringiz bor, bu yil “Obod mahalla” dasturi doirasida Mirzo Ulug‘bek tumani mahallalarida ham ko‘plab ishlar amalga oshirildi.
Albatta amalga oshirilgan ishlarning pirovard maqsadi xalqning farovon yashashi uchundir. “Obod mahalla” dasturi doirasida bajarilgan ishlarga to‘xtalib o‘tsak, tumanda jami 332 172 kv.m asfalt qilish ishlari amalga oshirildi. Massivlar orasiga 57 ta bolalar maydonchasi, 42 ta stritvorkout (Street workout) va sport maydonchalari o‘rnatildi.
Tumanda joylashgan jami 1 421 ta ko‘p qavatli uylarning 400 tadan ortig‘ida fasad qismini ta’mirlash, 19 693 kv.m tom qismini joriy ta’mirdan chiqarish ishlari amalga oshirildi.
Hurmatli deputatlar va faollar!
Joriy yilda amalga oshirgan ishlarimizni tanqidiy tahlil qilib, boshqaruv tizimi sifatini oshirishda “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy tamoyilni amalda to‘liq ta’minlash bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz zarur.
Buning uchun, avvalambor, tashabbuskor islohotchi bo‘lib maydonga chiqadigan, strategik fikr yuritadigan, bilimli va malakali yangi avlod kadrlarini tarbiyalashimiz zarur. Shuning uchun ham bog‘chadan boshlab oliy o‘quv yurtigacha – ta’limning barcha bo‘g‘inlarini isloh qilinishiga barcha kuchimizni safarbar qilishimiz zarur.
Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.
Endi 2022 yilda ijtimoiy-iqtisodiy sohasida amalga oshirish zarur bo‘lgan dasturiy va maqsadli vazifalarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Bugungi kunda tumanda xizmatlar sohasining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 45 foizni tashkil etadi. Vaholanki, xorijiy mamlakatlarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 60 foizga to‘g‘ri keladi.
Tumandagi mavjud tadbirkorlik sub’ektlarini sog‘lomlashtirish, kreditlar berish, kredit ta’tillari berish, soliq imtiyozlari berish, infrastruktura va kommunikasiyasini yaxshilashda yordam berish hamda ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali hududdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlashga erishish pirovard maqsadimiz bo‘lib qoladi.
Mahsulotlarimizni ichki va tashqi bozorlarga yetkazish, ularning tannarxini tushirish uchun transport-logistika sohasini rivojlantirishimiz zarur.
Kelasi yilda har bir mahallaga tayinlangan hokim yordamchilari faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yish, barcha muammoni mahallaning o‘zida hal etish, bir so‘z bilan aytganda tumandagi 70 ta mahallalarda hokimiyat markazlarini tashkil etish orqali tumandagi barcha aholini qamrab olishni bosh maqsad qilib oldik.
Iqtisodiyotni yuqori sur’atlar bilan rivojlantirish uchun faol investisiya siyosatini izchil davom ettirish zarur.
2022-2026 yillarda tumanda jami 13,1 trln. so‘mga teng shundan, 418,0 mln.dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiya bo‘lgan 163 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan hamda mazkur loyihalar doirasida 21002 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Jumladan, 2022 yilda 5,4 trln. so‘mlik investisiyalar o‘zlashtirilishi hamda 35 ta yangi yirik quvvatlar ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Jumladan, "UZAKAY INSHAAT" MCHJning “Turar joy majmuasini qurish”, "ENDO NARIS" MCHJning “Tibbiyot muassasasini tashkil etish” loyihalari ishga tushirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Investisiya jalb etishning samarali vositalaridan biri bo‘lgan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini transport, energetika, yo‘l, kommunal, tibbiyot, ta’lim kabi sohalarga keng tatbiq etish kerak.
Sohani rivojlantirish bo‘yicha ishlatilmagan zahiralar juda katta. Shu bois, xizmatlar sohasining strategik yo‘nalishlarini, bu borada tuman mutasad-dilarining kelgusi yildagi xizmatlar hajmini keskin oshirishimiz kerak bo‘ladi.
Barqaror iqtisodiy o‘sishning eng muhim garovi – raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish, ular uchun yangi xalqaro bozorlar topish va eksportni ko‘paytirish, tranzit salohiyatidan to‘liq foydalanish hisoblanadi.
Joriy yilda jami eksport hajmi 64,4 mln. dollarni tashkil etib, shundan 63,2 mln. dollar sanoat, 1,2 mln. dollar meva-sabzavotlar hisobiga amalga oshirildi. Kelgusi yilda eksport hajmini 72,0 mln. dollarga yetkazishni oldimizga maqsad qilib oldik.
Bundan tashqari yoshlar bilan ishlash borasida ham bir qator rejalarni maqsad qilib qo‘ydik. Xususan, 2022 yilda yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimi yanada samarali va sifatli tashkillashtirilishi rejalashtirilib, ishlarni “xonadonbay” tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2022 yil davomida “Yoshlar jamg‘armasi” mabalag‘lari hisobidan 700 nafardan ortiq yoshlarga 5 mlrd. so‘mdan ziyod iqtisodiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.
Kelgusi yilda ijtimoiy sohada ham qator ishlar amalga oshiriladi. Jumladan,
Qibray tumanidan Mirzo Ulug‘bek tumaniga o‘tgan hududlardagi 4 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlarini mukammal ta’mirlash va qo‘shimcha 1 ta yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etish;
2 ta umumta’lim maktablarni kapital ta’mirlash va qo‘shimcha 1 ta umumta’lim maktabini barpo etish;
Chingeldi mahallasidagi 26-sonli poliklinikani mukammal ta’mirlash, uning filialini barpo etish va zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, shuningdek 26-sonli oilaviy poliklinika tasarrufidagi uch qavatli bo‘sh turgan binoni mukammal ta’mirlash va asosiy oilaviy poliklinika sifatida foydalanishga topshirish;
“Chingeldi” mahallasi hududida “Madaniyat markazi”ni barpo etish va zarur moddiy-texnika bazasini shakllantirish bo‘yicha ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha maxsus dasturning manzilli ro‘yxatiga kiritilgan. (Vazirlar Mahkamasi qarori №702, 19.11.2021y)
“Obod mahalla” davlat dasturi doirasida Bog‘imaydon mahallasidagi 2 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari rekonstruksiya qilinishi va 6 mlrd. 205 mln. so‘m pul mablag‘lari hamda “Turon” mahallasidagi 2 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 5 mlrd. 680 mln. so‘m pul mablag‘lari ajratilishi va rekonstruksiya qilinishi hamda 597-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotga 4 mlrd. 865 mln. so‘m pul mablag‘lari ajratilib, mukammal ta’mirlanishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, tumandagi 54-sonli umumta’lim maktabi binosida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirish ishlari boshlanib, 210 o‘rinli faollar zali hamda o‘quvchi-yoshlar va ustozlar uchun yangi oshxona barpo etilmoqda. Ushbu qurilish-ta’mirlash ishlari 2022 yil III choragiga qadar to‘liq yakunlanishi rejalashtirilmoqda.
“Obod mahalla” davlat dasturi doirasida “Turon” mahallasida joylashgan 71A-sonli umumta’lim maktabiga 8 mlrd. so‘m pul mablag‘lari ajratilishi va mukammal ta’mirlanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash hamda faollar tomonidan bildirilgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha yo‘l xarita tasdiqlanib, unga ko‘ra:
“Katta Qorasuv” mahallasi, 8-sonli oilaviy poliklinika binosini kapital ta’mirlash hamda zarur mebel jihozlari, tibbiy uskunalar (stasionar UZI, fizioterapiya apparati) bilan ta’minlash;
“Katta Oltintepa” mahallasi hududidagi tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi binosini kapital ta’mirlash va maxsus tibbiy anjomlar bilan ta’minlash;
“Ahillik” mahallasi hududidagi 6-sonli oilaviy poliklinikada aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash maqsadida raqamli rentgen apparati bilan ta’minlash;
“Darxon” mahallasida joylashgan 9-sonli oilaviy poliklinikada aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkillashtirish maqsadida kapital ta’mirlash hamda mebel jihozlari bilan ta’minlash;
“Shaxrisabz” mahallasi hududida joylashgan 6-sonli tug‘ruq kompleksi binosini kapital ta’mirlash;
“Bo‘z” mahallasi hududidagi 4-son oilaviy poliklinika binosini ta’mirlash, raqamli rentgen apparati, yumshoq va qattiq mebel jihozlari bilan ta’minlash;
“Shahriobod” mahallasi hududida joylashgan 7-sonli oilaviy poliklinika binosini kapital ta’mirlash va zarur tibbiy anjomlar (UZI, raqamli rentgen apparati, fizioterapiya apparati) bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, tuman tibbiyot muassasalari tomonidan “Sog‘lom turmush tarzi” shiori ostida har bir mahallalarda chuqurlashtirilgan bepul tibbiy ko‘riklar va sog‘lom turmush tarziga rioya etilishi bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib boriladi.
Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar, bloggerlar tomonidan tumanimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarish va yangilanish jarayonlarini har tomonlama tahlil qilib, joylardagi ijtimoiy muammolar, xato va kamchiliklarni davlat idoralari va jamoatchilik e’tiboriga yetkazishidagi faoliyatini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi hamda keyingi yilda ham ushbu ishlarni yanada jadalllashtirish yo‘lidan boradi.
Aziz do‘stlar!
So‘nggi yillarda yurtboshimizning oqilona siyosati bilan mamlakatimizda progressiv o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda.
Barcha deputatlarimizga, ular orqali tumanimiz aholisiga murojaat qilib aytmoqchiman – Davlatimiz Rahbari ta’kidlaganlaridek, demokratik islohotlar yo‘li – biz uchun yakkayu yagona va eng to‘g‘ri yo‘ldir. Bu borada biz har kuni izlanishimiz, ilg‘or tajribalarni chuqur o‘rganib, hayotimizni, ish uslubimizni yangilashga harakat qilishimiz lozim.
Oldimizda bizni ulkan vazifalar, katta imkoniyatlar kutmoqda.
Biz – hech qachon mehnatdan qochmaydigan, qiyinchilikdan qo‘rqmaydigan, adolatni qadrlaydigan, azmu shijoatli buyuk xalqmiz.
Barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, yakdil va ahil bo‘lib harakat qilsak, halol-pok bo‘lib, yaxshi niyat bilan mehnat qilsak, har qanday marralarni egallashga imkonimiz mavjud.
Darhaqiqat, Davlatimiz Rahbari boshchiligida boshlagan barcha xayrli ishlarimiz, albatta ijobat bo‘ladi.
So‘zim yakunida barchangizga oilaviy baxt va saodat, sihat-salomatlik, cheksiz kuch-g‘ayrat, yutuq va omadlar tilayman".
Murojaat so‘ngida deputatlarimiz tomonidan “Obod mahalla” dasturi va mahalla hayotiga daxldor masalalar o‘rtaga tashlangan bo‘lsa, Toshkent viloyati Qibray tumanidan Mirzo Ulug‘bek tumaniga qo‘shilgan mahallalarda 2022 yilga mo‘ljallangan asosiy masalalarga oydinlik kiritildi.
Sessiyadan so‘ng Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda tuman hokimi Shavkatbek Irgashev jurnalistlarning savollariga atroflicha javob berdi.