Bugun 30 aprel, 2026 yil, payshanba

КИР

"Voajab! Bu nima? Nahotki, bu bilan u meni nazarda tutgan bo‘lsa?! Yoki qalbida boshqa erkak bormikin?"

A A A
"Voajab! Bu nima? Nahotki, bu bilan u meni nazarda tutgan bo‘lsa?! Yoki qalbida boshqa erkak bormikin?"

Ayoli ba’zi yumushlari uchun uydan chiqib ketdi. Yotoqxonada yolg‘iz qolib zerikkan erning ko‘ngli nimagadir bezovta bo‘la boshladi: «Karavot yonida yotgan daftarni varaqlab ko‘rsam-chi?..»

Daftarni varaqlar ekan, uning orasidan xotinining ba’zan kulib, ba’zan mazhun holatda tushgan suratlarini topdi. Sahifalarga bitilgan ba’zi narsalarni tushundi, ba’zilaridan hayron bo‘ldi: chiroyli, ma’nodor she’rlar, g‘azallar va… visolga mushtoqlikni, qalb tug‘yonlarini ifoda etuvchi maktublar!

«Voajab! Bu nima? Nahotki, bu bilan u meni nazarda tutgan bo‘lsa?! Yoki qalbida boshqa erkak bormikin? Mendan oldin boshqa bir odam bilan bo‘lgan-u, buni mendan yashirganmikin? U bilan oralarida ishq-muhabbat qissasi bo‘lganmikin? Demak, o‘zi men bilan-u, xayoli boshqa odamda ekan-da!»

O‘rnidan turib, tortmalarni birma-bir ochib, qo‘liga tushgan har bir qog‘oz parchasidagi yozuvlarni yutoqib o‘qiy boshladi. U muhabbat tuyg‘ulari bitilgan yozuvlarni, dafn qilingan sirlarni, bebaho xazinani qidiryaptimi yoki ushbu muqaddas aloqani portlatadigan dinamit bo‘lagini qidiryaptimi, buni o‘zi ham bilmaydi.

Va nihoyat, chiroyli vasfga ega bo‘lgan, pishiq ssenariy asosida tayyorlangan qissani topdi. Agar ana shu qissa nashr qilinganida, yozuvchi va adiblarning qalam tebratishlariga turtki, yoritishlari va tahlil qilishlari uchun zo‘r mavzu bo‘lishi aniq edi. U uzoq turib qoldi: «Demak, mendan ko‘ngli to‘lmayotgan ekan-da!» degan xayol fikru zikrini chulg‘ab oldi.

Xo‘sh, rostdan ham ko‘ngli to‘lmayotgan bo‘lishi mumkinmi? Endi o‘zingizga savol berib ko‘ring: «Men uning uchun nimalar qildim? Ko‘nglini ko‘tarish, xursand qilish uchun biror marta gul hadya qildimmi? Dam olish yoki davolash maskanlariga olib borib, sog‘lig‘ini tekshirtirdimmi? O‘zim og‘aynilarim bilan birga hali restoranda, hali kafeda gap-gashtakda yuraman, eng oldi, eng mazali taomlarni yeb, dam olaman. U-chi? Bolalari bilan o‘ralashib, uydan ko‘chaga chiqmaydi. O‘zim o‘tirgan kafe-restoranga biror marta uni ham olib bordimmi?..»

Bu savollarni yana ko‘p davom ettirish mumkin.

«Mana, u mahzunlik haqida so‘zlayapti. Mana, ko‘z yoshlari sahifalarni ho‘llayapti. Istaklarini, qalbdagi tuyg‘ularini ming bir alam, ming bir istihola bilan qog‘ozga tushiryapti… Nahotki?! Demak, barcha urinishlarim behuda ketibdi-da. Uning uchun qilgan qurbonliklarimni qadrlash u yoqda tursin, hatto bilmagan ham ekan-da!»

Aslida esa bu bitiklar ayolning ushbu badgumon eriga aytishga botina olmay yurgan ko‘ngil sirlari, dil izhorlari edi...

O‘sha qurbonliklar nima? Nima uchun ana shu qurbonliklarni o‘ziga bildirmasdan qilgansiz? Uning sevgisini qozonish uchun qilgan harakatlaringizni nima uchun o‘ziga bildirib, aytib qilmagansiz? Axir u farishta emaski, har bir harakatingizni, uning uchun jon fido etayotganingizni bilib tursa! Ora-orada bo‘lsa ham uni sevishingizni, uning uchun hamma narsaga tayyor ekaningizni bildirib, izhor etib qo‘yishdan sizni nima to‘sadi? Zero, ayol kishi yaxshi so‘z gadosidir. U bunga loyiqdir! 

Ba’zi erkaklar turmushning har bir sohasida, ayolining kundalik ishlarida, fikrlashida, hatto yuragidagi his-tuyg‘ularini boshqarishida ham uning ustidan hukmronlik qilish erning vazifasi deb bilishadi. O‘zlarini har sohada ayol ustidan mas’ul deb hisoblashadi. Ular er-xotinlik aloqasi deganda faqat bitta narsani tushunadilar: er rahbar bo‘lishi, mutasaddi bo‘lishi kerak.

To‘g‘ri, mutasaddilik, rahbarlik Qur’oni karim er uchun qaror qilgan haqdir:

«Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga mutasaddidirlar» (Niso surasi, 34-oyat).

Lekin oyati karimada tilga olingan mutasaddilik mutlaq mas’uliyatni anglatmaydi. Alloh taoloning O‘zi ba’zi buyuk ishlarda mas’uliyatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayol kishiga yuklagan. U Zot shar’iy amallarda va dindorlik mas’uliyatida ayol va erkakni ajratmagan. Chunki erkak ham, ayol ham Allohning bandalari, ularning asllari bir. Erkaksiz ayol bo‘lmaydi, ayolsiz erkak bo‘lmaydi:

«Men sizlardan erkagu ayol amal qiluvchining amalini zoye qilmasman. Sizlar bir­birovingizdansiz» (Oli Imron surasi, 195-oyat).

«Albatta, muslimlar va muslimalar, mo‘minlar va mo‘minalar, davomli itoatkor erkaklar va davomli itoatkor ayollar, sadoqatli erkaklar va sadoqatli ayollar, sabrli erkaklar va sabrli ayollar, xushu’li erkaklar va xushu’li ayollar, sadaqa qiluvchi erkaklar va sadaqa qiluvchi ayollar, ro‘za tutuvchi erkaklar va ro‘za tutuvchi ayollar, farjlarini saqlovchi erkaklar va (farjlarini) saqlovchi ayollar, Allohni ko‘p zikr qiluvchi erkaklar va (Allohni ko‘p) zikr qiluvchi ayollar – o‘shalarga Alloh mag‘firatni va buyuk ajrni tayyorlab qo‘ygandir» (Ahzob surasi, 35-oyat).

Ayol o‘zining namozida, ro‘zasida, junublik va hayz sababli g‘usl qilishida va hokazo, boshqa o‘ziga xos ishlarida o‘zi mas’uldir. Moddiy tasarrufda mustaqildir. U o‘zining mol-mulkiga erining iznisiz o‘zi egalik qilish, uni sotish, sotib olish va sadaqa qilish haqqiga egadir. Hattoki Nabiy sollallohu alayhi vasallam ayollarning o‘ziga xos qilib: «Taqinchoqlaringizdan bo‘lsa ham sadaqa qilinglar», deganlar.

Islomda ayolga barcha ishlarda keng ko‘lamda ishtirok etish, o‘z fikrini aytish va savol so‘rash huquqi berilgan. Xavla binti Sa’laba roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan erlari xususida tortishgan. Allohga shikoyat qilgan. O‘zining shijoati, haqqini talab qilishdagi o‘ziga bo‘lgan ishonchi bilan butun boshli suraning nuzuliga sababchi bo‘lgan. Qur’oni karimdan o‘zi fatvo olgan. Erining qilgan gunohi uchun kafforotni o‘zi bergan. Shuning uchun ham erining ishtiroki qissada uncha zikr ham qilinmagan.

Oilada tenglik bo‘lishi lozimligini biz Qur’on tili bo‘lmish arab tilidagi birgina so‘zdan anglab olsak bo‘ladi. Arab tilida er ham, ayol ham «zavj», ya’ni «juft» deyiladi. Ikkisi bir-biriga juftdir. Bu uslub «zavj» so‘zini ayolga xoslaganda ayollik qo‘shimchasini qo‘shib, «zavjatun» deb aytishdan ko‘ra kuchliroqdir.

Shunday ekan, nimalardir yozilgan qog‘ozlarni qidirishga, yomon gumon qilishga sizni nima majbur qiladi?

Axir har qanday odamning siri bo‘lishi mumkin-ku!

Er-xotinlik aloqalari biror tomonning mutlaq ustunligi asosida barpo etilmaydi. Zero, har bir tomonning burchi, vazifalari bilan birga haqlari ham bordir. «Muruvvat qil, senga ham muruvvat qilinadi», «Josuslik qilmanglar, kovlashtirmanglar», «Kim birodarining avratini (sirini) poylasa, Alloh uning sirini poylaydi. Alloh kimning avratini poylasa, uni o‘z hovlisining ko‘shkida bo‘lsa ham sharmanda qiladi» (hadislardan).

Shu bugundan boshlab o‘g‘rilik, josuslik qilishdan, qog‘oz titishdan to‘xtang, hurmatli erkaklar! Turmush o‘rtog‘ingizga ishonch, ehtirom va yaxshi gumon asosida muomala qiling. Oshkor bo‘lganini oling-u, sir sirligicha qolsin. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning er-xotinning hayotini fitnalardan saqlovchi nasihatlari sizga umringizning oxirigacha qo‘llanma bo‘lib qolsin: «Sen agar odamlarning avratini (sirini) poylasang, ularni buzasan yoki buzay deysan» (Abu Dovud rivoyati).

Ota-onasining bag‘rida unib-o‘sib, voyaga yetgan qiz o‘zga bir oilaga kelin qilib uzatilar ekan, tabiiyki, onasining, yaqinlarining nasihatiga,  ko‘rsatma va maslahatlariga muhtoj bo‘ladi. Azal-azaldan  mo‘mina-muslima momolarimiz go‘zal nasihatlar qilib qizlarini yangi hayotga kuzatib qo‘yganlari, hatto bu nasihatlar buyuk ulamolarning kitoblaridan joy olgani hech birimizga sir emas. Asmo bint Xorijaning chimildiqqa kirib ketayotgan qiziga qilgan nasihati ana shu jumladandir. Aziz qizlarjon, quyida mazkur maqolani e’tiboringizga havola etar ekanman, «Oila» deb atalmish qo‘rg‘oningizni mustahkam qilib qurishingizda bu nasihatlar asqotishidan umidvorman.

«Qizlarjon...» kitobidan

Kiritildi: 18:48 08.11.2020. O'qildi: 6781 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!