Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga shaxsiy uchrashuv o‘tkazish va muzokaralar vaqtida o‘t ochishni to‘xtatish taklifi aks etgan ochiq xat yozdi. Maktubning to‘liq matni Ukraina Prezidentining rasmiy saytida e’lon qilindi.
Zelenskiy Ukraina asirlarni «hammani hammaga» formulasi bo‘yicha almashishga, tinch aholi va bolalarni qaytarishga, shuningdek, xavfsizlik kafolatchilari sifatida AQSh va Yevropa ishtirok etishi mumkin bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikki tomonlama muzokaralar olib borishga tayyorligini ma’lum qildi. U uchrashuvni neytral hududda o‘tkazishni taklif qildi va front chizig‘i diplomatiya boshlanadigan chiziqqa aylanishi kerakligini ta’kidladi.
«Biz o‘z odamlarimizni yo‘qotyapmiz va har bir yo‘qotishimiz bizga azob bermoqda... Siz allaqachon muntazam ravishda, har bir necha oyda bizning hududlarimizni, birinchi navbatda, Donesk viloyatini egallab olishning so‘nggi muddatlarini ortga surib kelyapsiz. Siz uni bu yil ham egallay olmaysiz.
Ammo biz Ukrainada doimiy urushni xohlamaymiz. Urushsiz hayot beqiyos darajada yaxshi ekanini juda yaxshi bilamiz. Biz bunga erishishni istaymiz. Ishonchim komilki, rossiyaliklarning aksariyati bunga ijobiy javob berishga tayyor va siz buni bilasiz», — deyiladi maktubda.