Joriy yil 9 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Vision invest kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Omar N. Ol-Midaniy bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Vision invest kompaniyasi 2002 yilda tashkil etilgan. Kompaniya boshqaruvidagi aktivlarining qiymati 96 milliard dollarni tashkil etadi. Vision invest ACWA Power kompaniyasi aksiyadori sanaladi va Saudiya Arabistoni, BAA va Ummondagi DXSh asosidagi loyihalarida yetakchi o‘rinni egallaydi.
Saudiya Arabistoni tomoni O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan o‘zgarishlarni yuqori baholadi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni samarali boshqarish uchun 10 noyabrda Toshkentda mintaqaviy vakolatxona ochish rejalashtirilganini ma’lum qildi, deb xabar beradi Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuvda, shuningdek, energetika, infratuzilmani rivojlantirish va telekommunikasiya texnologiyalari, suv resurslaridan foydalanish sohalarida yangi investisiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Muzokaralar yakunida faol hamkorlik qilishga va erishilgan kelishuvlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish doirasida keng ko‘lamli choralarini ko‘rishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.