Bugun 28 aprel, 2024 yil, yakshanba

КИР

«Virusning o‘zi Xitoyda, lekin barcha vahimasi O‘zbekistonda bo‘lyapti»

«Virusning o‘zi Xitoyda, lekin barcha vahimasi O‘zbekistonda bo‘lyapti»

Xitoy markazidagi Xubey viloyatida joylashgan, 11 million aholi istiqomat qiladigan Uxan shahrida Xuanan hayvon va dengiz mahsulotlari bozoriga aloqador odamlarning 2019 yilning dekabr oyi o‘rtalaridan boshlab kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya bilan kasallanish holatlari aniqlangan edi. Keyinchalik xitoylik olimlar bu kasallik yangi — 2019-nCoV koronavirusi bilan bog‘liq ekanligini aniqladi.

Foto: AP Photo

Shundan so‘ng, 22 yanvar kuni Uxan shahrida karantin joriy etildi, jamoat transporti harakati to‘xtatildi, shaharga kirish va chiqish to‘xtatildi. 24 yanvar kuni Xuangan, Echjou, Chibi va Chjiszyan shaharlarida ham shunday tartiblar eoriy etildi. Umuman olganda, Xitoy rahbariyati 14 ta shaharda karantin joriy etdi. Bundan tashqari, ushbu koronavirus bilan kasallanish holatlari Tailand, Gonkong, Avstraliya, Singapur, Tayvan, Yaponiya, Fransiya, Malayziya, Janubiy Koreya, AQShda ham qayd etilgan. Hozirgacha kamida 1383 kishi kasallangan, 41 kishi vafot etgan (yaxshi yangiliklar ham yo‘q emas).

Mavzuga doir: SSV: O‘zbekistonliklarning koronavirus bo‘yicha epidemik vaziyatdan xavotirlanishiga asos yo‘q

Koronavirus sabab Xitoydagi shaharlarning yopilishi, ushbu jarayonlarga nafaqat fuqarolik shoshilinch xizmatlari, balki armiyaning ham jalb etila boshlangani (qo‘shimchasi, Xitoy hukumatining Uxanda kasallanganlar uchun 10 kunda 1000 kishilik shifoxona qurish tashabbuslari), bu holatlarning OAV va ijtimoiy tarmoqlarda faol yoritilishi, tabiiyki, vaziyatni chetdan kuzatayotgan insonni vahimaga tushirishi mumkin. Xitoyda istiqomat qiluvchi, «Daryo» bilan bog‘langan o‘zbekistonliklar ham kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tashvishli, bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan audiolarga shunday munosabat bildirmoqda.

«Daryo» muxbiri Mirolim Isajonov Xitoydagi ayrim o‘zbekistonliklar bilan bog‘lanib, ularning fikrlarini oldi.

«Asosiy qiyinchilik oziq-ovqat masalasida bo‘lmoqda»

Asli vodiylik G‘.A. (o‘z ismini ochiqlashni istamadi) 2019 yil kuzidan beri Uxanda, hozirda universitetga o‘qishga kirish maqsadida bir yillik tayyorlov kursida o‘qiyapti. Aytishicha, kuniga bir necha bor niqob (maska)ni almashtiradi, barcha talabalarga termometrlar ham berilgan.

Foto: AP Photo

«Uxanda taxminan 50—60 nafar atrofida o‘zbek yoshlari bor. Ular bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali tez-tez xabarlashib turamiz. Virus to‘g‘risida o‘qituvchimiz orqali to‘liq xabardor bo‘ldik, internetdagi ma’lumotlarni ham o‘qib boryapmiz», — deydi u.

G‘.A. Uxanda tojikistonlik talaba bilan bir xonada yashaydi. «Biror davlat elchixonasi o‘z talaba yoshlarini Uxandan olib chiqib ketganini eshitmadim hali. Qozog‘iston, Tojikiston kabi qo‘shni davlat yigit-qizlari ham biz bilan birga, shu yerda», — deydi u.

Hozirgi sharoitda asosiy qiyinchilik oziq-ovqat masalasida bo‘lmoqda, chunki karantin munosabati bilan Uxandagi deyarli barcha supermarketlar yopilgan, faoliyat ko‘rsatmayapti. «Oziq-ovqat masalasida, ko‘pchilik qatori, biroz qiynalyapmiz. Lekin vahima ko‘tarishga hojat yo‘q. Xudo xohlasa barchasi o‘tib ketadi», — deya qo‘shimcha qildi G‘.A..

«Shaharlarning bo‘shab qolishi bayram bilan bog‘liq»

Dilsora Mirzaahmedova 10 yildan beri Xitoyda yashaydi. Aytishicha, Xitoydagi vaziyat OAVda ko‘rsatilayotgandek, Telegram‘dagi tarqalayotgan audiolardagidek vahimali emas. Uning fikricha, o‘zbekistonlik ayrim talabalarning vahima (shok)ga tushib qolishiga ularning, ehtimol, Xitoyga endi kelgani, bu mamlakat madaniyatidan bexabarroq ekani sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin.

Foto: AP Photo

«Har yili yanvar oyi oxiri — fevral boshida Xitoyda Chunjiye — bahor bayrami nishonlanadi. Bayram bahona millionlab ishchi-xodimlar, talabalar o‘z tug‘ilgan joylari — ota uylariga, qishloqlarga ketadi. Oqibatda yirik shaharlar suv quygandek jim-jit bo‘lib qoladi. Bu o‘ziga xos an’anaga aylangan hatto. Hozir ijtimoiy tarmoqlarda xabarlari xavotirlarga sabab bo‘layotgan talabalar, nazarimda, Xitoyga yaqinda kelgan bo‘lsa kerak — ular Chunjiye bayrami tufayli shaharlar sokin bo‘lishini endi guvohi bo‘lishmoqda, shaharlar virus sabab bo‘shab qolyapti, deb tushunishyapti, shekilli», — dedi u.

Dilsora Mirzaahmedovaning ta’kidlashicha, Xitoyda, xususan, Uxanda bir necha yillardan beri yashayotgan o‘zbekistonliklar vaziyatga to‘g‘ri baho berishga harakat qilishmoqda. «Chunjiye bayrami xitoyliklar uchun sayohat mavsumi hisoblanadi. Minglab sayohatchilar boshqa hududlarga chiqmasligi yoki tashqaridan turistlar kirib kelmasligi, muhimi, virus tarqalishining oldini olish maqsadida hukumat Uxan shahrini vaqtincha yopdi. Buni Xitoydagi ko‘plab o‘zbeklar odatiy qabul qildi», — deydi u.

Foto: AP Photo

Xitoy ichidagi vaziyat audiolarda aytilayotganidek vahimali emas «Do‘konlarda narx-navolar oshgani yo‘q, maskalar ham taqchil emas: bemalol topib, xarid qilsa bo‘ladi. Hamma Chunjiye bayramini nishonlashni boshlab yuborgan. Barcha vahima O‘zbekistonda, Toshkentda», — deya qo‘shimcha qildi Dilsora Mirzaahmedova.

«Hech qaysi davlat o‘z talabalarini olib chiqib ketgani yo‘q»

O‘zbekistonlik Z.A. (u ham ismini oshkor etishni istamadi) ikki yildan beri koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Uxandan bir soatlik masofada joylashgan Nanchan shahrida yashaydi, shu yerda xalqaro iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olmoqda. Aytishicha, u yashaydigan joyda virusga qarshi dezinfeksiya qilishyapti, tana haroratini o‘lchash esa hozircha har kunlik mashg‘ulotga aylangan, virusologlar doimiy maslahat berib turibdi.

Foto: AP Photo

«Internetda o‘zbekistonliklar tomonidan tarqatilayotgan xabarlardan, ochig‘i, hayron bo‘ldik. Hech qaysi davlat o‘zining talabalarini olib chiqib ketgani yo‘q. Virus Xitoyda tarqalgan bo‘lsa-da, vahimasi O‘zbekistonda bo‘lyapti. Bu orqali faqat ota-onalarimiz, yaqinlarimizni xavotirga solganimiz qoladi xolos», — dedi Z.A..

Ta’kidlashicha, u ham kuni kecha Telegram’da tarqalgan bir qizning yig‘i aralash yo‘llagan audiosini eshitgan. «Eshitishimcha, u qiz Xitoyga yangi kelgan talaba ekan. Menimcha, u qo‘rqqanidan vahimaga tushib, audioxabar tarqatib yuborgan», — deya fikr bildirdi Z.A.. Shu o‘rinda, Dilsora Mirzaahmedovaning ta’kidlashicha, u o‘sha audioxabarni yo‘llagan qizni izlab topishga harakat qilgan, ammo na u, na uning Xitoydagi boshqa tanishlari u qizning aynan qaysi shaharda ekanini hozircha aniqlay olgan.

Shu o‘rinda bir mulohaza: Shu kunlarda O‘zbekistonning Xitoydagi diplomatik vakolatxonalari bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmayapti, degan fikrlar bir emas, bir necha manbalar tomonidan yangramoqda. Albatta, Tashqi ishlar vazirligi ham, Xitoydagi diplomatik vakolatxonalar vakillari ham bu fikrga qo‘shilmasliklari mumkin, ammo vaziyat haqida (salkam favqulodda kutilmagan ekanini hisobga olib) har soatda bo‘lmasa-da, har yarim kunda bir axborot berib turilsa, vahima ko‘tarilishining oldi olingan, vatandoshlar ham «biz hech kimga kerak emas ekanmiz» degan fikrdan yiroq bo‘lardi.

Kiritildi: 15:41 25.01.2020. O'qildi: 4709 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!