Bugun 21 sentyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Video: Andijonlik fuqaro IIB xodimi tomonidan ayovsiz kaltaklandi

Video: Andijonlik fuqaro IIB xodimi tomonidan ayovsiz kaltaklandi

Andijonlik fuqaro IIB xodimi tomonidan ayovsiz kaltaklandi. 6 kishi yordami bilan xodim qo‘lidan zo‘rg‘a qutulib qoldi. Adolat istab prokuraturaga murojaat qilsa, o‘ziga qarshi jinoyat ishi ochildi.

Mazkur adolatsizliklar haqida «Daryo» muxbiri Umidjon Mamarasulovga so‘zlab bergan Jasurbek Hamroqulov voqea 2019 yil 11 sentyabr kuni sodir bo‘lganini aytdi.

Jasurbek Hamroqulov
Foto: Dilmurod Hamroqulov

Ma’lum qilinishicha, andijonlik Jasurbek Hamroqulov Andijon shahar 6-son IIB profilaktika inspektori Sardor Abdumannopov tomonidan IIB binosida kaltaklangan.

«Daryo»ga taqdim etilgan videodan anglashilishicha, Jasurbek Hamroqulov IIB binosiga olib kelingach, 2 nafar IIB xodimi va 4 nafar fuqaro ko‘z o‘ngida kaltaklangan. Videoda xodim qo‘lidan zo‘rg‘a ajratib olingan Jasurbek Hamroqulovning ahvoli yaxshi emasligi ko‘rinib turibdi.

— Bo‘linmaga kelganimizda ortimizdan ukam va turmush o‘rtog‘im ham yetib keldi. Xotinim ahvolimni ko‘rib, baqirib yig‘lardi, — deydi Jasurbek Hamroqulov. — Men unga prokuraturadan, viloyat IIB boshqarmasidan xodimlar chaqirishini, Sardor meni qanday ahvolga solganini ko‘rishlarini aytib jo‘natib yubordim. Ukam esa menga yordam berardi.

Jasurbek Hamroqulovning aytishicha, IIB binosida kaltaklangan payt burni singan.

— Bo‘linmaga borganimizda bo‘linma navbatchisi chiqdi. U tanishim Rustam aka ekan. «Jasurbek, nima gap, tinchlikmi?», dedi. «Rustam aka, mana bu xodimlaringiz forma kiyib olgani uchun o‘zini bosolmay qolibdi, meni urganiga javob beradi», deb turgan edim. Sardor yonimizga kelib «Sen bilan mana endi shu yerda gaplashamiz», deb chekkaga, Damas’ning orqasiga sudrab olib o‘tdi. Avval yuzimga, keyin tagiga bosib olib urdi. Rustam aka va shu yerda turganlar bir amallab ajratib oldi. Bu paytda mening burnim sinib, tinmasdan qon oqardi. Menga IIB binosidan stul olib kelib o‘tqizishdi, shunda ko‘p qon yo‘qotganimgami yoki berilgan zarbalar oqibatidami, o‘zimni tutolmay stuldan yiqilib tushdim. Tez tibbiy yordam xodimlari kelib, menga bo‘linma ichkarisida yordam ko‘rsatishdi. Biroz o‘zimga kelganimdan so‘ng tashqariga chiqdim. Bu paytda Andijon shahar prokuraturasi hamda IIB boshqarmasidan xodimlar kelib, voqea haqida surishtirishayotgan ekan.

Jasurbek Hamroqulov
Foto: Dilmurod Hamroqulov

Murojaatchining ta’kidlashicha, mazkur videoyozuv IIB binosidagi kuzatuv kameralari orqali yozib olingan.

— Eshikdan chiqayotganimda xodimlar videoyozuvni birov ko‘rmasidan o‘chirib yuborish kerakligi haqida suhbatlashayotgandi. Ularga agarda yozuvlarni o‘chirib yuborishsa, qonun oldida javob berishlarini aytdim, — deydi Jasurbek Hamroqulov.

Jasurbek Hamroqulovning ma’lumot berishicha, voqea sodir bo‘lgan kuni u spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan.

— 2019 yilning 11 sentyabr kuni Spark rusumli avtomashinamda oila a’zolarim bilan tanishimning tug‘ilgan kunini nishonlash uchun Andijon shahridagi kafega bordik. Bayram chiroyli o‘tdi. Chamasi soat 21:30 larda tarqaladigan bo‘ldik. Spirtli ichimlik ichganim uchun bizni olib ketish uchun ukam Dilmurod keldi. Biz bilan bir davrada Malohat ismli yosh bolali ayol ham o‘tirgan edi. Ketayotganimizda Malohat uyiga tashlab o‘tishimizni iltimos qildi. Uni ham olib biroz yurganimizdan so‘ng, telefoni kafeda qolganini aytdi. Ortga qaytdik. Qo‘lida yosh bolasi borligi uchun telefonini olib chiqish uchun kafega kirdim. Ana shundan keyin bugungi kunga qadar davom etayotgan mashmashalar boshlandi, — deydi Jasurbek Hamroqulov. — Kafega kirganimda ikki-uch nafar qiz raqsga tushayotgan edi. Men o‘tirgan joyimizdan telefonni olib, ularning yonidan o‘tib ketayotganimda raqsga tushayotganlardan biri bilan to‘qnashib ketdim. Men ham u qiz ham mast edik. Ayol kishi bo‘lsa-da, uning tilidan nafsoniyatimga tegadigan haqoratlar chiqdi. Shunda uning yuziga tarsaki tortib yubordim. Boshqalar o‘rtaga tushdi. Taxminan 1-1,5 daqiqa o‘tgach, uzr so‘rab tashqariga chiqib ketayotganimda ikki nafar ichki ishlar xodimi kirib keldi. Ulardan biri menga «E bola, oldimga kel» dedi. Yoniga borib, sensirab gaplashmasligini aytdim. Keyin u mening bilagimdan ushlab kafening zinasiga olib chiqdi. «Sen ‘borziy’ ekansanmi, haqingni talab qiladigan» deya qo‘llarimni qayirib oldi. «Ichki ishlar xodimi bunaqa qilishi mumkin emas, ko‘pchilikka tomosha bo‘lmasdan har qancha gap bo‘lsa, IIB bo‘limiga boraylik», dedim. U «Sen bilan qanaqa gaplashish kerakligini ko‘rsatib qo‘yaman» deb qo‘llarimni yanada qattiqroq qayirdi. Tizzalarim bilan cho‘kkalab qoldim, u esa oyog‘i bilan bosdi.

Jasurbek Hamroqulovning ma’lum qilishicha, IIB xodimining kafe tashqarisidagi zo‘ravonligiga ukasi, turmush o‘rtog‘i hamda mashinasida bo‘lgan Malohat ismli ayol guvoh bo‘lgan.

— Holatni ko‘rgan ukam va xotinim, mashinamizdagi Malohat ismli yosh bolali ayol ham yugurib keldi. Inspektor Sardor Abdumannopovning tagidan juda ko‘pchilik bo‘lib, ajratib olishga urinishdi. Lekin hech kimning kuchi yetmadi. Xotinimning qo‘li gips qilingandi. Sardor itarib yuborganida gips sinib, chiqib ketdi. Qayerdandir kelgan Milliy gvardiya xodimi meni undan ajratib oldi. Ikkinchi xodim bu holatni tomosha qilib turardi. Shundan so‘ng men ularga «IIB bo‘limiga olib boring, siz bilan o‘sha yerda gaplashamiz. Qilgan ishlariz uchun javob berasiz, formangiz borligi uchun shunaqa qilyapsiz», dedim.

Foto: Dilmurod Hamroqulov

Jasurbek Hamroqulovning IIB xodimi tomonidan kaltaklanishini kafe xizmatchisi Ravilya Ashurova ham tasdiqladi.

IIB binosiga olib ketilayotgan Jasurbekka IIB xodimi «Baliqchida bo‘lganingda o‘ldirib yuborgan bo‘lardim», degan gapni ham aytgan.

— Meni Damas’ning orqa o‘rindig‘iga o‘tqizishdi. Sardor esa o‘rta o‘rindiqqa o‘tirib, menga «Agar sen Baliqchida bo‘lganingda o‘ldirib yuborgan bo‘lardim» deya o‘dag‘ayladi. Men ham gapdan qolmadim «Sen kimni o‘ldirasan, hali qilgan ishlaring uchun javob berasan» deb baqirdim. Sardor tirsagi bilan yuzimga urib, boshimni mashinaning o‘rindig‘i tagiga siqib, 6-sonli ichki ishlar bo‘linmasiga kelguncha qiynab, urib keldi.

Murojaatchining aytishicha, u o‘sha kuni shahar prokuraturasiga shikoyat qilib, IIB xodimining zo‘ravonligi haqida gapirib bergan. Qolaversa, o‘sha kuni voqeadan so‘ng IIB binosiga kelgan xodimlar ham voqeani batafsil o‘rgangan. Ammo shahar prokuraturasi Jasurbek Hamroqulovning o‘ziga jinoyat ishi ochgan.

Foto: Dilmurod Hamroqulov

— Men o‘sha kunning o‘zidayoq Andijon shahar prokuraturasiga ariza bilan murojat qilganman. Voqealardan so‘ng Andijon viloyat tez tibbiy yordam shifoxonasida 10 kuncha yotib davolanib chiqdim, — deydi Jasurbek. — Holat bo‘yicha IIB xodimiga qonuniy chora ko‘rishlarini so‘rab bir necha bor ariza va shikoyatlar bilan huquqiy idoralarga murojat qildim. Afsuski, shu kungacha hech qanday javob ololmayapman. Yaqinda prokuratura xodimi qo‘ng‘iroq qilib chaqirdi. Borsam, menga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-modda bilan «Sardorga qarshilik ko‘rsatib, pogonlarini yulib olganim» to‘g‘risida jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi va advokat bilan kelishimni aytdi.  Vaholanki, ushbu holat bo‘yicha 5 oy ichida menga Sardor bir nechta IIB xodimlarini o‘rtaga qo‘yib, arizamni qaytarib olishimni iltimos qilib kechirim so‘ragandi. Achinarlisi men kaltak yeb, jarohatlanib jabrlanuvchi bo‘lish o‘rniga jinoyatchiga aylanyapman.

Andijon viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatiga ushbu masala yuzasidan bog‘langanimizda, Sherzodbek Nuriddinov prokuraturaga murojaat qilishimiz kerakligini aytib, voqea haqida axborot berishni istamadi.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Kiritildi: 17:22 03.02.2020. O'qildi: 20673 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!