Venesuelaning Barinas shtatida mahbuslar tergov izolyatorini egallab olib, isyon ko‘tardi. Bu haqda Venesuela qamoqxonalarni monitoring qilish markazi xabar berdi.
Voqea 24 may kuni sodir bo‘lgan. Namoyishlarda 1,2 ming erkak va 100 nafar ayol qatnashgan. Isyonga bir hafta oldin qamoqxonaning yangi direktori etib tayinlangan Elvis Makure Gerrero sabab bo‘lgan. U kelishi bilan mahbuslar qiynoqqa solingani, kaltaklangani va tintuv holatlari kuzatilgani aytilmoqda.
Gerrero direktorlikka tayinlanganidan keyin 120 dan ortiq kishi jarima izolyatorlariga joylashtirilgan. Mahbuslar direktorning ishdan bo‘shatilishini talab qilmoqda. Ular qamoqxona minoralari tomiga ko‘tarilgan, ba’zilari esa matraslarni yoqib yuborgan. Qo‘riqchilar va yangi direktor namoyishchilarga qarata o‘t ochgan, yaradorlar bor. Guvohlar qamoqxona hududiga kirgan harbiylar ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llaganini aytmoqda.
Venesuela hukumati voqeaga hech qanday izoh bermadi. Qamoqxonalar monitoringi markazi ehtimoliy oqibatlar uchun javobgarlikni jazoni ijro etish vaziri Xulio Garsiya Serpaga yukladi. Markaz Venesuela prokuraturasi va ombudsmanini vaziyatga aralashishga chaqirdi.