Venesuela hukumati 1999 yildan beri davom etgan “siyosiy zo‘ravonlik davri” bo‘yicha umumiy amnistiya o‘tkazish rejasini e’lon qildi.
Venesuelaning vaqtinchalik prezidenti Delsi Rodriges mamlakat parlamentiga umumiy amnistiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etishini bildirdi.
Loyiha yuzlab mahbuslarni qamrab olib, 1999 yildan, ya’ni Ugo Chaves hukmronligi davridan boshlab ko‘rib chiqilgan ishlarni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, Rodrigesning ma’lum qilishicha, hukumat Karakasdagi eng mashhur qamoqxonalardan biri “Gelikoid”ni (El Helicoide) yopishni rejalashtirmoqda. Ushbu qamoqxonada saqlanayotgan siyosiy mahbuslar tizimli qiynoqlar va shafqatsiz muomaladan shikoyat qilgan. Dastlab savdo kompleksi sifatida qurilgan “Gelikoid” endi tijoriy maqsadlarda foydalanish uchun qayta ishga tushiriladi.
Inson huquqlarini himoya tashkilotlari hisob-kitobiga ko‘ra, Venesuelaning yangi hukumati 8 yanvardan boshlab taxminan 303 nafar siyosiy mahbusni ozod qilgan, hozircha qamoqxonalarda 711 kishi qolmoqda.