27 noyabr kuni "Prologue" kinofestivalining ochilish marosimida "Scorpion" filmining gala-premyerasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu premyerada qatnashgan jurnalist Eldar Asanov eng uzoq kutilgan o‘zbek filmiga baho beradi.
"Scorpion" oxirgi yillarning eng uzoq kutilgan va, aytish mumkinki, eng zo‘r reklama qilingan o‘zbek filmi bo‘ldi. Reklama kompaniyasi shu qadar ustalik bilan olib borildiki, film premyerasidan oldinroq chinakamiga qiziqish uyg‘ota oldi. Piar maqsadida Hollivud ssenariynavisi Bob Andervudning jalb etilishi, saund-trekni esa rossiyalik xonanda Valeriya kuylashi ham muxlislar diqqatini tortdi.
Ochig‘i, o‘zbek kinematografidan mo‘’jiza kutmagan bo‘lsam ham, kamida bir marta ko‘rsa bo‘ladigan, o‘ziga yarasha qiziqarli syujetga ega, lekin sodda va originallikdan mosuvo jangari film ko‘raman deb o‘ylagan edim. Natija men kutganday bo‘ldimi? Keling, bir boshidan boshlaylik.
Aslida, "Scorpion" kartinasi o‘zbek kinosining jiddiy muammolarini ochib berdi deb o‘ylayman. O‘zbek kinematografi sovet davrida oyoqqa turgan, o‘zbek kino maktabi – aktyorlar, rejissyorlar, operatorlar o‘sha muhitda shakllangan. Hozirga kelib jilovi bo‘shatilgan kinochilik yo‘l qidirib sarson: sovet davrida shakllangan usul va g‘oyalarni davom ettirish uchun ularni takomillashtirib, yangi bosqichga olib chiqish kerak, Hollivuddan g‘oyalarning olinishi esa maza-matrasiz ko‘chirma va takrorlarning urchishiga olib keladi. Ikkala maktabning uyg‘unlashtirilishi balki o‘ziga xos yo‘lning yaralishiga olib kelar, ammo uyg‘unlashtirish ham ijodkorlikni va professionallikni talab etadi.
"Scorpion"da mana shunday uyg‘unlashuvni ko‘rishimiz mumkinu, bu muvaffaqiyatli chiqqan deb ayta olmaymiz. Urush-otishma sahnalarida yaqqol Hollivudga taqlid seziladi, ammo aktyorlar hali ham sovetcha obrazlardan chiqib ketmagan – ekranda zamonaviy ofislarda ishlayotgan, lekin sovetcha ohangda gapiradigan mayor va generallar gavdalantirilgan.
Hollivuddan ssenariynavis taklif qilingani vaziyatni qutqaradiganday edi go‘yo – bu yigitlar, ko‘pincha mantiqni unutib qo‘yishsa ham, qiziqarli va chiroyli syujetlar o‘ylab topishga usta. Amalda esa bu teskari natija bergan: qiziqarli syujet o‘ylab topilmagan, o‘ylab topilgani O‘zbekistonga, mahalliy shart-sharoitlarga bog‘liqligini ham yo‘qotgan. Voqeani bemalol boshqa davlatga ko‘chirib qo‘yish mumkin. Obrazlar ustida ishlagan ijodkorlar O‘zbekiston aholisining spesifikasini mutlaqo inobatga olmagani ham tayin: filmda amerikacha stereotiplar takrorlanadi – arablar, neft, superqahramon agentlar. Obrazlarning mentaliteti ham amerikacha: filmning asosiy qahramonlari bo‘lmish 35-40 yoshlardagi erkaklar va ayollarning hech biri oila qurmagan (o‘zbek milliy qadriyatlari va ma’naviyati qo‘riqchisi bo‘lmish Yoshlar ittifoqi moliyalashtirgan kinoda-ya!). O‘zbekistonda tasodifan bitta tashkilotda shuncha bo‘ydoq ishlashi nazariy jihatdan bo‘lishi mumkin albatta, boz ustiga, gap maxsus xizmatlar haqida ketmoqda. Lekin negadir birorta oilasiz milisioner yoki harbiyni eslay olmadim.
Nega bunday bo‘ldi? Gap shundaki, ssenariynavisning ismi oldiga “Hollivud” so‘zi qo‘shib qo‘yilishi bilan u avtomatik tarzda iste’dodli bo‘lib qolmaydi. Bob Andervud haqida “Kinopoisk” biladigan yagona narsa – 1990-yillardagi TV-seriallarning ssenariylarini yozishda ishtirok etgan. Ushbu seriallarning uchtasiga ("Daddy Dearest", "The Wrong Coast", "Night Court") o‘zi prodyuserlik qilgan. Uning ishlari ro‘yxatidan birorta badiiy film topmadim. Bob Andervudning ijodi bilan to‘liq tanish bo‘lmaganim uchun baho berishdan tiyilaman, ammo iste’dod borasida u Charli Kaufmandan benihoya yiroq ekanligi shubhasiz.
Endi syujetga to‘xtalsak.
Film boshida "Scorpion" jinoiy guruhi rahbarlari Jonnini (Akbarxo‘ja Rasulov) yollashi ko‘rsatiladi. Kartinaning bu sahnasida bir necha voqea kombinasion montaj vositasida aralashtirib ko‘rsatilib, parchaning ta’sirini kuchaytirish rejalashtirilgan, ammo avval boshidan mantiqning oqsashi bu ta’sirni yo‘qqa chiqargan. Dunyoning ko‘plab davlatlarida faoliyat yuritadigan, oxirgi uch yilda 126 kishining hayotiga zomin bo‘lgan o‘ta xavfli va professional jinoiy guruhning ikki asosiy yetakchisi – Piter Makalister (Vyacheslav Razbegayev) va Ketrin Trammel (Yulduz Rajabova) Sankt-Peterburgda taksichilik qilib yurgan oddiy o‘zbek yigitini ishga yollashi nimaga asoslangan? Uni tasodifan uchratib qolishdimi yoki oldindan kuzatib kelishganmi? Agar tasodif bo‘lsa, yigitning yaxshi darts o‘ynashi professional jinoiy guruhga jalb etilishi uchun yetarli asos bo‘la oladimi? Agar Jonnini oldindan kuzatib kelishgan bo‘lsa, unda nega bu tafsilot ochilmay qolib ketgan? Undan keyin yaqinda guruhga qo‘shilgan va nuqul qotillikka qo‘l urishdan bosh tortib yuradigan o‘jar va ishonchsiz yigit qanday qilib uch yilda guruhdagi ikkinchi odamga aylandi?
Savollar ko‘p. Film davom etgani sayin ular ko‘payib boradi. Navbatdagi sahnada ikkinchi bosh qahramon – kapitan Temur Soliyev (Farhod Mahmudov) tanishtiriladi. Operasiya chog‘ida jasorat ko‘rsatgan kapitan bevosita prezidentga bo‘ysunadigan general Mahmudov (Karim Mirhodiyev) nazoratidagi maxsus bo‘linmaga o‘tkaziladi. Birinchi kuniyoq u eng asosiy ish – "Scorpion" ishi bilan tanishtiriladi (“Boshqa davlatlarda ishlab, bir necha martagina O‘zbekiston chegarasida ko‘rinib qolgan, hozir olis Marokashda bo‘lgan guruh bilan nega O‘zbekiston maxsus xizmatlari doimiy ravishda shug‘ullanib kelayapti?” degan savolim havoda muallaq qolib ketdi). Va birinchi kuniyoq kapitan "Scorpion"ga oid ma’lumotlarni xizmat kompyuteridan ko‘chirib olib, g‘oyib bo‘ladi. Soliyevning uyi tekshiriladi (u payti agentning o‘zi ota-onasining uyida bo‘ladi, lekin u yerga ham guruh jo‘natish hech kimning xayoliga kelmaydi), uyidan yana o‘sha tasodif prinsipi asosida syujetni keskin burib yuboradigan ma’lumot topiladi: tasodifni qarangki, "Scorpion"ning uchinchi yetakchisi Jonni aslida Temur Soliyevning ukasi Jahongir Soliyev ekan.
Syujetning davomi ham kishida ishonch uyg‘otmaydi. Arab tilini biladigan, chet elda, xususan, Marokashday ekzotik mamlakatda bemalol o‘zini eplab ketadigan agent borligiga ishondik. U Marokashga uchib borishga, u yerda yashashga, hatto o‘ylab topilgan Kaliston davlatiga (Hindistondagi tan olinmagan Haliston bilan adashtirib yuborishmagan deb umid qilaman) borish uchun yo‘l-yo‘lakay mashina sotib olishga yetarli darajada pul zaxirasiga egaligiga ham ishondik. Lekin puling va imkoniyating bo‘lganda ham, bu ishlarni O‘zbekistonda amalga oshirish deyarli imkonsiz.
Avvalo, bunga OVIR stikeri yo‘l qo‘ymaydi – O‘zbekiston fuqarolari usiz chet elga chiqa olmaydi. U bo‘lganda ham, Marokashga chiqish uchun O‘zbekistondan viza olish kerak, viza olishga juda ko‘p hujjat (jumladan, ish joyidan ma’lumotnoma, daromadlar haqida ma’lumotnoma) hamda ma’lum vaqt, kamida bir necha kun talab qilinadi, eng qizig‘i – O‘zbekistonda Marokashning elchixonasi yo‘q. Kuch tuzilmalari (ichki ishlar, mudofaa, favqulodda vaziyatlar vazirliklari, DXX, bojxona qo‘mitasi) xodimlari, ayniqsa, davlat ahamiyatiga molik maxfiy ma’lumotlar bilan ishlovchilari bekordan-bekorga chet elga chiqarilmasligi ham barchaga ma’lum.
Syujet bo‘yicha bu to‘siqlarni yengib o‘tish uchun kapitan Soliyev Qozog‘istonga chiqib ketadi va Chimkentdan Rabotga uchadi. Bu yerda ham bir muammo bor – o‘sha gap, kuch tuzilmasi xodimini davlat chegarasidan shunchaki o‘tkazib yuborishlari ehtimoldan uzoq (aeroportlar va o‘tkazish punktlariga allaqachon ma’lumot ham yetkazilishi kerak edi – u qochib ketgani aniqlangan payti hali qahramonimiz ota-onasining uyida o‘tirgandi); agar yashirin yo‘llar bilan chegaradan o‘tadigan bo‘lsa, unda chegara muhrisiz Chimkent aeroportidan uchib keta olmaydi. Darvoqe, Chimkentdan Rabotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchadigan reys yo‘q – buning uchun ikki-uchta peresadkani (u samolyotdan bu samolyotga o‘tish) amalga oshirish talab etiladi. Tabiiyki, bunday chiptani bir kun oldin sotib olish osonmas. Soliyev u davlatdan bunisiga qo‘nib, Marokashga yetib borguncha eng kamida bir-bir yarim kun o‘tardi, bu vaqt ichida uni bemalol tutib olish mumkin edi.
Detallarga e’tiborli kino ishqibozining azoblanishlari bu bilan tugamaydi. Marokashdagi tushunarsiz sarguzashtlaridan so‘ng, Soliyev O‘zbekistonga ekstradisiya qilinadi. Buning natijasi qanday bo‘ladi deb o‘ylaysiz? Menimcha, maxsus xizmat ofisidagi kompyuterdan o‘ta maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlab, hammadan yashirinib, boshqa davlatga uchib ketgan va u yerda o‘zboshimchalik bilan ish tutgan, o‘ta xavfli jinoiy guruh yetakchisi bilan aloqaga kirishgan agent eng kamida darhol izolyatorga tiqilishi, tribunaldan so‘ng uzoq yillarga qamalishi, chiqqanidan so‘ng qaytib davlat ishiga tiklanmasligi kerak edi. Soliyevni esa shunchaki so‘roq qilib qo‘yib yuborishadi, ertasiga u bemalol yana ishga kelib-ketaveradi va, hatto, maxsus operasiya o‘tkazish uchun butun boshli guruhni ishonib topshirishadi.
"Scorpion"ni zerikarli va tushunarsiz qiladigan jihatlar faqatgina bu emas.
Kinematografda “obraz tarixi”, “syujet arkasi” singari tushunchalar mavjud. Agar tomoshabin ekranda harakat qilayotgan obrazning o‘tmishini, motivasiyasini bilmasa, undan xavotir olmaydi. Obrazlar tomoshabinda hech qanday hissiyot (simpatiya yoki nafrat) uyg‘otmasa, u muqarrar kinodan zerikadi. "Scorpion" qahramonlarining o‘tmishi, motivasiyasi haqida boshidan biror narsa deyilmaydi, ora-orada o‘tmishdan keltiriladigan fleshbeklar o‘zaro bog‘lanmay, tushunarsizlikni yanada oshiradi. Eng maxfiy tuzilmaning eng ishonchli agenti karyeradan va ozodlikdan voz kechib chet elga qochib ketishiga, tuzukkina yurgan yigit jinoiy guruhga qo‘shilib qolishiga arziydigan hech qanday sabab yoki motiv ochiqlanmaydi. Ya’ni, filmning butun ixtilofi, dramasi puch bo‘lib chiqadi.
Ikkinchi darajali obrazlar ham bu borada bosh qahramonlardan o‘tkazib hech narsa ko‘rsata olishmagan. Misollar keltirsak. Jonni va Ketrin o‘rtasidagi munosabatlar ham xuddi shu kabi chalakam-chatti ko‘rsatilgan. Ular nega bu qadar bir-biriga bog‘lanib qolgani, bir-biriga munosabati qanaqaligi tushuniksiz qolib ketgan.
Keyingi misol. Maxfiy xizmat tahlilchisi Umarova (Ra’no Shodiyeva) kapitan Soliyev bilan bir marta uchrashadi. Shu bitta suhbatdan so‘ng Soliyev qochib ketadi. Bir necha kundan so‘ng, u Umarovaga qo‘ng‘iroq qilib, ofisdan yana qandaydir maxfiy ma’lumotlarni bilib berishni so‘raydi. Umarova... rozi bo‘ladi.
To‘xtab turing. Bitta uchrashuvdan so‘ng bu ikki qahramon shunchalar yaqinlashib ketdimi? Unda nega bu yaqinlashish jarayoni ekranda mutlaqo aks etmadi, aktyorlar nigohida, harakatlarida, so‘zlarida ko‘rinmadi? Aktyorlar o‘rtasidagi bog‘lovchi kimyo qani? Yana yuqorida tilga olingan xato – Soliyev o‘zi tuzuk tanimaydigan odamga qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘radi, ko‘p yillik ishonchli xodim Umarova esa o‘zi tuzuk tanimaydigan, jiddiy jinoyatga qo‘l urgan odamga karyerasini va ozodligini xavf ostiga qo‘yib yordam berdi...
Shu o‘rinda yana bir kulgili sahnani esga olmay ilojim yo‘q. Suhbat asnosida uzoq yillar tayyorgarlik ko‘rgan agent Soliyev maxsus xizmatlarga tahlilchi nimaga kerakligini tushunmaydi. Uning fikricha, maxsus xizmat ishi faqat ur-yiqitdan, dala operasiyasidan iborat. O‘zining kerakligini isbotlash uchun Umarova deduksiyani ishga solib, Soliyevning hammomida deraza qaysi tomonda joylashganini-yu uyida qanaqa lash-lushlar borligini aytib beradi, Soliyev ham bamisoli doktor Uotsonday og‘zini ochib eshitib o‘tiradi. Kino ijodkorlari tahlilchining ishini bu qadar sodda tushunishi hali unchalik kulgilimas. Eng kulgilisi – sahnada keltirilgan deduktiv priyomlar (“hammomingdagi deraza faloncha tomonda joylashgan, negaki o‘ng yuzingdagi soqol chap yuzingdagidan yaxshiroq olingan”) uzoq XIX asrda yashagan mashhur Artur Konan Doyl ijodidan, Sherlok Xolms haqidagi hikoyalardan olingan.
Endi “syujet arkasi” tushunchasiga to‘xtalsak. Har bir filmda, umuman, bayon shaklidagi badiiy asarda bir nechta qahramon va bir qancha syujet liniyasi bo‘ladi. Shunga yarasha, har bir qahramonning o‘tmishi, buguni va kelajagi – “syujet arkasi” bo‘ladi. Biz ko‘rib chiqayotgan filmda ko‘pgina mutlaqo keraksiz va yakuniga yetmagan syujet arkalari bor.
Temur Soliyev Kalistonda jangarilar tomonidan qurshovga olinib, o‘q yomg‘iri ostida qolib ketgan paytda yo‘lidan bir qiz chiqib qoladi. Ikkalasi otishmadan qutulib, voqea joyini tark etadi. Tasodifni qarangki, O‘zbekistondan olis Marokashga kelgan Soliyev chekka bir qishloqda rus tilida gapiradigan, sobiq SSSRdan hamshira bo‘lib kelgan qizni (Shahzoda Matchonova) uchratib qolibdi! Otishma orasida.
Mayli, shunday tasodif bo‘lishi mumkin deylik. Odatda jangari kinolarda bunaqa uchrashuvdan so‘ng bu ikki qahramon voqeaning oxirigacha birga bo‘lishadi, uyog‘iga variantlar mavjud: xayrlashishadi yoki topishib, birga qolishadi. Shahzoda Matchonova jonlantirgan xarakter esa bir paydo bo‘ladi-yu, yo‘qolib qoladi! U syujetda hech qanday rol o‘ynamasa, tiqishtirish nega kerak edi? Yulduzlar sonini ko‘paytirish uchunmi?
Arab qabilasi boshlig‘i rolini jonlantirgan turk aktyori Murat Yildirimning ham filmdagi ahamiyati ochilmay qoladi, syujet arkasi yakuniga yetmaydi. Hollivud filmlaridagi kabi kulgili kompyuterchi bolaning ham obrazi kiritilgan, ammo bu obrazga shu qadar kam ekran vaqti ajratilganki, rol shu qadar ishonchsiz chiqqanki, bu ahvolga ko‘zda yosh bilan qaramay iloj yo‘q.
Bir so‘z bilan aytganda, yulduzli tarkib, tajribali ijrochilar to‘planganiga qaramay, asosiy aktyorlardan birortasi rolga tushmagan, obrazlarini to‘laqonli ochib bera olmagan. Aslida kadrda ko‘ringan san’atkorlarni juda yaxshi rollari orqali taniymiz: Farhod Mahmudov, Shahzoda Matchonova, Karim Mirhodiyev, Boris G‘afurovlarning iste’dodi hammaga ma’lum. Lekin ular jonlantirgan xarakterlarni bog‘laydigan rishtalar sezilmaydi, muxlis esa ular kim, nega ular haqidagi filmni ko‘rishi kerak, nega ularning taqdiridan xavotir olishi kerak, tushunmay qoladi, qahramonlarni yoqtirib qolmaydi, aksilqahramonlardan nafratlanmaydi. Mahalliy aktyorlarni qo‘yaturing, katta pulga taklif qilingan chet ellik yulduzlar ham (Murat Yildirim, Vyacheslav Razbegayev) biror narsani qoyillata olmagan. Shundan xulosa qilsa bo‘ladiki, gap faqatgina aktyorlarning hafsalasizligida emas: ular obrazga tushmagani, bir-biri bilan hissiy aloqaga kirisha olmagani, tomoshabinda simpatiya yoki antipatiya uyg‘ota olmagani birinchi galda ssenariyning mo‘rtligidan va rejissuraning sustligidan bo‘lsa kerak. Rejissyor va aktyorlar bir-biri bilan yaxshi ishlamagani ko‘rinib turibdi.
Tan olaman, ba’zan tanqidga kirishib ketsam, ijobiy tomonlarni tilga olishni butunlay unutib qo‘yaman. Lekin xolis bo‘lishga harakat qilaman. Aytaylik, mayda kamchiliklarga (Marokash manzaralarini emas, ko‘proq sovet davridan qolib ketgan zavod xarobalarini eslatadigan beo‘xshov ekspozisiyalaru turli syujet chiziqlaridagi vaqt nomuvofiqliklari singari) ko‘z yumdim. Bundan tashqari, e’tirof etaman, filmning shubhasiz yutuqlari bor – masalan, operator ishi juda ma’qul tushdi. Jangovar sahnalar o‘ylaganimchalik ko‘p va keng miqyosli bo‘lmasa-da, harqalay chiroyli chiqqan. Nihoyat, ovoz, musiqa bilan yaxshi ishlashgan (Valeriyaning saund-trekini eshitmagan bo‘lsak ham – balki titrlar payti qo‘yilar). Biroq bu yutuqlar umumiy salbiy taassurotni yo‘q qila olmaydi. Kinoni kino qiladigan narsa – ishonarli syujet, qiziqarli voqealar, jonli xarakterlar. Bulardan mosuvo filmning musiqasini-yu, raskadrovkasini maqtashdan qanchalik foyda bor – bilmadim.
Xulosam shuki, "Scorpion" anchayin zerikarli, mantiqsizliklarga to‘la, na syujeti bilan, na ekshn sahnalari bilan tomoshabinni hayratga sola oladigan kartinadir. Unga tushish yoki tushmaslik borasida hech qanday tavsiya bera olmayman – hammaning didi har xil. Balki O‘zbekistonda birinchi marta bunaqa miqyosdagi jangari film olinayotganining o‘ziyoq tomoshabinlar diqqatini tortar, birinchi harakat bo‘lgani uchun yuqoridagi kamchiliklar kechirib yuborilar. Lekin shaxsan o‘zim ko‘proq narsa kutgan edim.
Fursatdan foydalanib, yana bir narsaga to‘xtalib o‘tmoqchi edim. Ijodkorlar loyiha byudjeti borasida aniq raqamlar keltirishdan bosh tortishdi. Turli mish-mishlarga qaraganda, gap millionlab dollar mablag‘ haqida bormoqda. Menimcha, O‘zbekiston sharoitida bunaqa pulga yanada kengroq miqyosga va qamrovga ega jangari film olsa bo‘lar edi.
Ushbu ruknda berilayotgan maqolalar sayt qarashini ifodalamasligi mumkin.
Manba: turon24