Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

O‘zligingizga qayting, o‘zbegoyimlar

O‘zligingizga qayting, o‘zbegoyimlar

Qizim, jannat senga juda ham yaqinligini unutma! U yonginangda turgan ushbu buyuk xilqatning qadamlari ostidadir!

Ikki yuz yetmish kun uning vujudida yashaganingni, uning qonidan oziqlanib, nafasiga sherik bo‘lganingni unutma! Bu hazilakam muddat emas!

Go‘daklik chog‘ingdagi hech bir lahzang uning e’tiboridan chetda qolmagan. Mana, endi ulg‘ayding, voyaga yetding, do‘stlar, dugonalar orttirding. Sendan talab etiladigan narsa shuki, sen endi uni hamisha ulug‘la, e’zozlab yodga ol, aqling sig‘dira olmagan yoki ta’bing qabul qila olmagan ba’zi ishlarini chetlab o‘t. «Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari keksalikka yetsalar, ularga «Uff», dema, ularni jerkima, ularga lutfli so‘z ayt! Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat va: «Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin», deb ayt» (Isro surasi, 23–24-oyatlar).

Shu o‘rinda o‘zbek qizlariga qarata aytilgan quyidagi murojaatni, qalb izhorlarini e’tiboringizga havola etishni lozim topdik.

Bahor kelib, tabiat kelinchak misol sepini yoygan, atrof muattar bo‘y va qushlarning shodiyona kuylariga to‘lgan go‘zal kunlarning biri. Bolalar bog‘chasidan xiyobon oralab qaytayapman-u, xayolim ertalab oynai jahonda ko‘rganim bir manzara bilan band. Unda milliy libos va taqinchoqlarda, sof o‘zbekona pardoz ila orolangan, husnda Abdulla Qodiriy ta’riflagan Kumushbibidan aslo kam bo‘lmagan bir go‘zal namoyish etildi. Termulib qoldim...

Go‘zalligidan zavqlanganim uchun emas, balki bu sanamning tashqi qiyofasidan asl chiroyni topa olmaganim sababli termulib qoldim...

Yanada qunt bilan tikilaman, ammo ziynatlariga mahliyo bo‘lib emas, balki shuncha taqinchoq ham bera olmagan jozibani qidirib...

Liboslariga razm solib boqaman, biroq havas bilan emas, asliyatdan nimasi yiroq ekaniga tushuna olmay...

Unda qanday kamchilik bor? Nega u menga zavq bera olmayapti? O‘sma ingan qoshlari, surma tortilgan charos ko‘zlari, qayrilgan kipriklari, dur misoli tovlangan tishlari... Bularning barchasi negadir kishida allaqanday yotsirash hissini paydo qiladi, xolos.

Nega shunday? Nima yetishmayapti bu yerda?

O‘ylay-o‘ylay, oxiri yechim topgandek bo‘ldim: sof o‘zbekona ko‘rinishda namoyon bo‘lgan bu go‘zalning shahlo ko‘zlarida chin o‘zbek ayolining hayosi, turishida haqiqiy o‘zbekoyimning xokisorligi, harakatlarida asl o‘zbek xonimining ibosi, tabassumida sof o‘zbek ayolining qimtinishi yo‘q ekan. Mana, muammo qayerda!

Shu qisqagina namoyish anchadan buyon qalbimda to‘planib yotgan fikrlarni izhor etishimga, o‘zligi, g‘ururi, hayo va iffatini yo‘qotayozgan ayol-qizlarimizga ushbu murojaatni bayon qilishimga sabab bo‘ldi. Bu murojaatlarim balki kimlargadir og‘ir botar, kimlargadir yoqmas, ammo ishonchim komilki, o‘zini bilgan, o‘zligini qadrlagan o‘zbekoyimlarimizga albatta asqotadi. Xullas, suhbat mavzusi – hayo haqida.

Gapni siz azizalarimga murojaat qilishdan boshlayman: Hayo deganda nimani tushunasiz? Hayoning insonga qanday zarurati bor? Hayo qanday holatlarda namoyon bo‘ladi, nimalarda ko‘rinadi? Uning qandaydir mezonlari bormi?

Keling, avvalo hayo aslida nima ekanini, uning haqiqatini bilib olaylik.

Hayo keng qamrovli tushuncha, uni birgina ta’rif bilan ifoda etib bo‘lmaydi. Hayo avvalambor Alloh azza va jallaga nisbatan bo‘ladi. Bandaning Allohdan hayo qilishi U Zotning ne’matlariga shukr etish, ibodatlarini ado qilish, U Zotning qaytariqlaridan qaytish kabi ko‘plab ishlarda namoyon bo‘ladi. Alloh taolo bandasining duoga ko‘tarilgan qo‘lini bo‘sh qaytarishga hayo qilar ekan, banda ham Robbi buyurgan ishni qilmaslikka, Robbi qaytargan ishni qilishga hayo qilishi lozim. Asl hayo ana shudir.

Keling, siz azizalar bilan hayoning zohiriy ko‘rinishlari haqida suhbatlashaylik.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayo haqida: «Har bir dinning xulqi bor, Islomning xulqi esa hayodir», deb marhamat qilganlar.

Umar roziyallohu anhu: «Kimning hayosi kam bo‘lsa, taqvosi kamayadi. Kimning taqvosi kamaysa, qalbi o‘ladi», deganlar va qalb tirikligini boshqa husni xulqlarga emas, aynan hayoga bog‘laganlar.

Oisha roziyallohu anho ham ko‘pincha: «Yaxshi xulqlarning boshi hayodir», deb aytar edilar.

Yuqoridagi ta’riflardan ma’lum bo‘lmoqdiki, hayo musulmon inson hayotining ziynati, ajralmas qismi, eng kerakli xislatlaridan biri, dini va qalbining tiriklik manbai ekan.

Xo‘sh, kamolotimiz uchun suv va havodek zarur bo‘lgan, usiz har qanday go‘zallik ham qadrini yo‘qotadigan, u bilan xulqlanmagan ayol hidsiz gulga o‘xshab qoladigan bu fazilat nimalarda namoyon bo‘ladi?

Azaldan o‘zgarmay kelayotgan qoida shuki, har zamon va har makonda insonning iffati, avvalo, uning libosiga qarab belgilanadi. Hech e’tibor berganmisiz, kino va kliplarda yaxshi ayolni, ayniqsa, mehribon va mushtipar onalar rolini ijro etayotgan aktrisalarning boshida bir parcha ro‘moli, egnida keng-mo‘l qilib tikilgan milliy libosi bo‘ladi. Hech bir filmda yelka va qorni ochiq, turli ranglarga bo‘yalgan sochlarini yoyib olgan, qalin makiyajdan yuzining asl rangi bilinmay ketgan ayolni beshik tebratib o‘tirgan ona rolida ko‘rsatishmaydi.

Hayo va iymon bir-birini to‘ldirib turuvchi narsa bo‘lib, biri ko‘tarilsa, ikkinchisi ham albatta yo‘qoladi. Buvim ko‘p hollarda: «Hayo ketdi – hayot ketdi», deguvchi edilar. Bu so‘zning asl ma’nosini anglamasak-da, ibo-hayoning nihoyatda muhim bir xislat ekanini his etib ulg‘aydik. Endi yoshim ulg‘ayib, chuqurroq o‘ylab ko‘rsam, hayoning ketishi tiriklikning yo‘qolishi emas, asl insoniy tuyg‘ularning poymol bo‘lishiga, qadriyatlar, an’analarning o‘lishiga, barcha yuksak fazilatlarning barbod bo‘lishiga olib kelar ekan. Chunki uyatsiz, andishasiz odam har qanday yomon ishdan tap tortmaydigan bo‘lib qoladi.

Bunga birgina misol keltirish kifoya qiladi, menimcha. Yaqin muddat ichida ijtimoiy tarmoqlarda qaynotalar, qaynog‘a va boshqa er taraf qarindoshlarning yosh kelinchaklarga yomon nazar bilan qaragani haqida ayanchli maqolalar bosildi, hatto bu sharmandalik televideniye orqali namoyish ham etildi. Bu razolat haqida o‘qigan, ko‘rgan-bilgan har bir mo‘min-musulmonning yuragida qattiq sanchiq turib, haftalab uxlay olmay, ingrab chiqqan bo‘lishi tayin. O‘sha ishni qilgan benomuslarni qarg‘ab, malomat toshlarini otganlar qancha, eh-hee... Ammo shu bilan muammo hal bo‘lib qoladimi? Bunga faqatgina erkaklar aybdormi? Buning asl sababi behayolik, kelinchaklarning ham o‘z «ramkasi»dan chiqib ketgani, o‘zligini unutib, beboshlik va beandishalikka yuz tutgani emasmi?

Donishmandlardan biri: «Hayo – bu viqordir», degan ekan. Viqor esa inson zabt etishi mumkin bo‘lgan baland cho‘qqilardan bo‘lib, komillik sifatlaridan hisoblanadi.

O‘zbek ayollarining milliy qahramoni, qizlarning ideali bo‘lmish Kumushbibini bir esga oling! Hayosi qanchalar oliy, xulqi qanchalar go‘zal edi! Yusufbek hojini eslang, haybati va hurmati qanchalar yuksak edi! Ularning ilk bor ko‘rishish sahnasi yoritilgan sahifalar yodingizdami? «Kumush uyalib, zo‘rg‘ag‘ina salom berdi va Yusufbek hojining yaqinig‘a kelib, bo‘yin egdi. Hoji qo‘li bilan Kumushning yelkasiga qoqib suydi va Kumushning manglayig‘a tegizib olg‘an o‘z qo‘lini o‘pdi…»

Mana sizga o‘zbekning qaynota-kelinlari munosabati! Mana sizga hayoning yuksak namunasi!

Qaynota-kelin munosabatlariga doir ikkinchi sahna – Kumushning jon berish oldidagi harakatlarini eslang. «Hoji Kumushning boshig‘a kelib o‘lturdi. Otabek va onasi oyog‘ ustida edilar, Kumushning ko‘zi yumiq, sochlari yuzi ustida parishon edi. Hoji Kumushning ko‘kimtil tovlang‘an yuzini ko‘rdi va manglayini bosdi...»

– Oyim... Oyim!.. – dedi hoji. Kumush ko‘zini ochib, besaranjom unga nazar tashladi va tanib... qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi.

– Qo‘zg‘almang, oyim... qo‘zg‘almang! Kumushning ko‘z yoshisi chakkasidan oqib tushdi... Hoji ham o‘zini to‘xtatolmay, Kumushning boshini siladi».

Ko‘rdingizmi, biz o‘zbeklar aslida kim edik! Ko‘rdingizmi, bizning asl xulqimiz qanchalar go‘zal edi?

Ey ko‘ngli tusagan narsasini oilasidagilarga oshkora aytishga uyalmagan kelinchaklar, oy-kuni yaqin bo‘lgani holda qo‘lini beliga qo‘yib, qaynota-qaynog‘alarining oldida g‘oz yuruvchi kelinchaklar, farzandi tug‘ilish onlari yaqinlashganda, mahallani boshiga ko‘tarib dod-voy solishga uyalmagan kelinchaklar, Kumush opangizdan o‘rnak oling, deymiz. Uning hatto jon talvasasida ham yo‘qolmagan hayosi, odobidan o‘rnak oling, deymiz.

«O‘tkan kunlar» romanini o‘qigan qiz borki, o‘zini Kumushning o‘rnida ko‘rmoq istaydi: u kabi go‘zal, u kabi suyukli bo‘lishni orzulaydi. Ammo afsuski, ular Kumushdagi asl fazilat, uni Oltinbibi qilgan sifatlar faqat go‘zallik emas, balki yuksak odob-axloq, ibo va iffat ekaniga e’tibor qilmaydilar.

Bir tasavvur qiling: Kumush yirtiq, kalta va beo‘xshov latta-puttalarni ustiga tashlab olgan. Egnida qora atlas ko‘ylak, boshida qashqarcha ro‘mol emas, bir yengi bor, bittasi yo‘q kofta, oyoqlarida latif kovush emas, bigiz poshnali tufli...

Bunday «kumush»ni Otabek ham asr namoziga tahorat olib turganda emas, balki boshqa bir holatda uchratib qoladi... Xo‘sh, bu qiz parilardek go‘zal bo‘lsa-da, uni Kumush deyish mumkinmi?

Aslida hayo qabohatni yo‘qotish uchun ato etilgan xulqdir. Hayoli insonga har kim ham jur’at qilib gapira olmaydi, uning qadrini toptashga birovning haddi sig‘maydi. Hayo – bu mustahkam qo‘rg‘on bo‘lib, o‘z sohibini dunyo va oxirat xijolatligidan himoya qiladi. Nabiy alayhissalom: «Hayo faqat yaxshilik olib keladi», deganlar. Hayoli kishining ba’zi ayblari ham ko‘zga tashlanmaydi.

Hayo haqida gap ketar ekan, shu o‘rinda ovqatlanish, o‘zini tutish, so‘zlash va kulish odoblari kabi muhim masalalarni ham aytib o‘tishimiz lozim.

Qiz bolaning baland ovozda kulishi, baqirib so‘zlashi, jamoat joylarida o‘zini tuta bilmay, har xil qiliqlar qilishi o‘ta xunuk holatlar hisoblanadi. Boshini orqaga tashlab, og‘zini katta ochib kulayotgan qizlarga qarab turib, oynai jahonning salbiy ta’sirini ko‘rgandek bo‘laman. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kulgilari faqatgina tabassumdan iborat bo‘lganini bilarmikin?

Ba’zan tantanalar munosabati bilan yoziladigan dasturxon atrofida kuzatib o‘tiraman: ayollarimiz o‘zaro hol-ahvol so‘rashgach, ovqatlanish bilan birga g‘iybatga ham kirishib ketishadi. Uy egasining halol dasturxonida o‘tirib, tansiq taomlarga solib pishirilgan halol go‘shtlar bilan qo‘shib o‘z birodarlarining harom go‘shtini chunonam tushirishadiki, uyalib ketasan kishi. Aslida yig‘inlarga diydorlashish umidida boriladi, qorin g‘amida emas. Shu nafs uyda ham taqdirida yozilgan rizqini yeb, orom oladi-ku! Qolaversa, nozik xilqat sanalmish ayollarga lunjini to‘ldirib taom yeyish ham yarashmaydi. Buning ustiga, og‘zida ovqati bilan gapirish nafaqat bizda, balki butun dunyoda ham odobsizlik, tarbiyasizlik sanaladi. Mayli, mehmonga borgan ayol o‘zi bilan birga o‘tirgan mehmonlardan, mezbonlardan uyalmasin, lekin Allohdan, o‘zidan, holidan uyalsin. Biz «Izzat tilasang kam de, sihhat tilasang kam YE» deb, bu borada butun dunyoga ustoz bo‘lgan zotlarning avlodimiz axir!

Shu o‘rinda dunyo va jannat ayollarining sayyidasi Fotima roziyallohu anhoning iffatu ibolari xususida zarbulmasal bo‘lgan bir hikoyani eslagim keldi.

Fotima roziyallohu anho betob bo‘lib, o‘lim to‘shagida yotganlarida Asmo bint Umays roziyallohu anho u kishini ko‘rgani keldilar. Shunda Fotima roziyallohu anho unga: «Asmo, men ayollarga qilinadigan narsani yoqtirmayman. Ayol kishining ustiga bitta mato tashlab qo‘yiladi, bu esa uni vasf qilib turadi», dedilar (Fotima onamiz ushbu so‘zlari bilan «Vafot etganimda tobutim erkaklar oldiga olib chiqilib, ularga mening jismim bilinib turishidan hayo qilaman», degan ma’noni iroda qilgan edilar. Chunki o‘sha vaqtda tobutlar tekis taxtadan iborat bo‘lib, mayyit unga yotqizilar, ustiga esa mato tashlab qo‘yilar edi. Bunday tobutda jasadning shakli aniq bilinib turardi). Shunda Asmo roziyallohu anho: «Ey Rasulullohning qizlari, Habashistonda o‘zim ko‘rgan narsamni sizga (yasab) ko‘rsataymi?» deb, xurmoning ho‘l novdalaridan olib kelishni so‘radilar. So‘ngra ularni bukib, taxtaning ustiga o‘rnatib, tobut yasab ko‘rsatdilar. Keyin ularning ustiga mato tashladilar. Buni ko‘rgach, Fotima roziyallohu anho: «Qanday yaxshi, qanday go‘zal ekan! Ayol kishi erkak kishidan ajralib turar ekan», dedilar (chunki bunday tobut jasadning shaklini bildirmay turar edi).

Mana siz o‘rnak olishingiz, taqlid qilishingiz lozim bo‘lgan fitrat!

Mana sizga ham beqiyos ko‘rk, ham viqor baxsh etuvchi ziynat!

Mana sizni dunyo va oxirat sharafiga yetaklovchi siyrat va surat!

Bugun sizlarga hayo haqida aytgan gaplarimiz dengizdan bir tomchi ham emas. Aytamiz desak, gap ko‘p. Lekin ularni shunchaki yozib, aytib qo‘yaqolish bilan ish bitmaydi. Endi kuzatuvlar, tajriba va ko‘nikmalarga tayangan holda, hayosizlik illatini keltirib chiqaruvchi sabablar va ularni bartaraf etish choralari haqida ham bir og‘iz so‘zlasak.

Inson bolasi borki, sof tabiat bilan dunyoga keladi. Ota-onasi bergan tarbiya esa yillar mobaynida uning qon-qoniga singib, kelajak hayotida o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Ota-ona o‘zining erinchoqligi bois yoki boshqa sabablar bilan bolani televizor qarshisiga «mixlab» qo‘yishi uning hayo pardalari tirnalishiga ilk qadam hisoblanadi. Biz «multfilm» deb ataydigan, aslida kattalar ham ko‘rsa uyaladigan sahnalarga boy animasiyalar hali shakllanib ulgurmagan go‘dak ongida ilk behayolik urug‘larini ekadi.

So‘zim yakunida eslatib o‘tamanki, ushbu maqola kimningdir dilini og‘ritish yoki ayblash maqsadida yozilmadi. Balki oramizda uchrab turadigan illatlardan Alloh qodir qilganicha bir-birimizni xabardor etib, o‘zaro isloh yo‘lini tutish umidida bitildi. Mo‘min mo‘minning oynasi ekan, ayblarimiz ustidan g‘ayridinlar kulmasidan turib, o‘z ichimizda o‘zaro bir-birimizni isloh etishni istaymiz. Bundan muslima opa-singillarimiz to‘g‘ri xulosa chiqaradilar, aslo ranjimaydilar, degan umiddamiz. Zero, hazrat Navoiy aytganlaridek:

 Kishi aybing desa, dam urmagilkim, ul erur ko‘zgu,

Chu ko‘zgu tiyra bo‘ldi, o‘zga aybing zohir aylarmu?

 Zebiniso Qutbiddin qizi

«Hilol» jurnalining 9-sonidan

Kiritildi: 22:14 25.02.2020. O'qildi: 4522 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!